Bush Iroqdagi xunrezliklarda Eronni ayblamoqda, keskin chora ko'rmoqchi

  • Amerika Ovozi

Prezident Jorj Bush Eronni Iroqda jangarilarni qo’llab-quvvatlamaslikka chaqirmoqda.

Uning nazarida Iroqda AQSh qo’shinlariga qarshi qilinayotgan hujumlar ortida rasmiy Tehron turibdi.

AQSh Mudofaa vazirligi ashyoviy dalillar borligini aytib keladi. Iroq shialari Eronni qardosh xalq deb hisoblaydi va azaldan u yerdan moddiy va ma’naviy yordam olib keladi.

Lekin aynan Eron hukumati jangarilarni moliya va qurol-aslaha bilan ta’minlayotgani haqida ma’lumot u qadar ko’p emas. Bush Erondan har qanday homiylikni bas qilishni, homiylarga qarshi chora ko’rishni so’ramoqda.

“Eron Hizbullohni moliyalaydi. Hizbulloh terror tashkiloti. Balki Eron hukumati Iroqdagi shialarni kim quvvatlayotganini bilmas, balki homiylar ortida rasmiy Tehronning o’zi turgandir. Nima bo’lishidan qat’iy nazar, Iroqda shia hujumidan o’layotgan insonlar hayoti uchun Eron javobgar bo’ladi”, - deya ogohlantirmoqda AQSh rahbari.

Bush hozirda AQSh armiyasiga eronlik homiylarga qarshi ayovsiz choralar ko’rishni buyurgan.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, Iroqda sunniy musulmon jangarilar Al-Qoida va u bilan aloqador guruhlardan yordam olmoqda.

Bu orada Amerika ommasi orasida Bushga ishonch so’nib bormoqda. Iroqdagi urushga nisbatan qarshilik kuchaymoqda. Xalqning uchdan ikki qismi Bush siyosatidan norozi.

Prezident esa Iroqdan askarlar qachon chiqishini bilmaymiz deydi. Faqat bir narsa ma’lum, deydi Bush. AQSh Iroqda tinchlikni tiklaydi va Iroq hukumatini quvvatlashda davom etadi.

Sentyabr oyida Iroqdagi ahvol yuzasidan hisobot e’lon qilingani zahoti Bush ma’muriyati Kongressdan harbiy harakatlar uchun yana 50 milliard dollar pul so’rashni rejalamoqda. 2008 yilgi mudofaa byudjeti uchun Kongress 460 milliard dollar ajratishga rozilik bergan edi.

BMT ma’lumotiga ko’ra, har oy qariyb 60 ming iroqlik uy-joyini tark etishga majbur bo’lmoqda. Avval bu raqam 50 mingni tashkil etgan edi.

Maishiy xizmatning yo’lga qo’yilmagani hamda etnik-milliy adovat bunga turtki bermoqda, deydi tashkilot mutaxassislari.

Qo’shma Shtatlar yaqin kunlarda qariyb ikki ming iroqlikka bosh-pana berib, BMTga 30 million dollar pul ajratish niyatida. Mablag’ Suriya, Iordaniya, Livan va Misrdagi iroqlik qochqin bolalar ta’limiga sarflanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG