Xorijga ketgan mutaxassislar vataniga qaytishga umidvor


O’zbekistonning qariyb 27 million aholisining yarmidan ko’pi, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 25 yoshga yetmagan fuqarolar. Hozir ulardan faqat 10 foizigina oliy ma’lumotli bo’lish imkoniyatiga ega. Universitetlarda ta’lim narxi yiliga 200 dollardan 5000 dollargacha.

O’rtacha maosh taxminan 100 dollar atrofida ekan, ko’p oilalarning farzandni o’qitishga qurbi yetmaydi. Buning ustiga bor kadrlar ham yaxshiroq ish va oylik qidirib, xorijga ketib, qaytib kelmayapti. Oqibatda malakali mutaxassislar yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda.

Masalan, sobiq “Umid” jamg’armasi orqali AQSh, Yevropa va Osiyo davlatlariga o’qishga yuborilgan yoshlarning ko’pi o’sha yerda qolishni ma’qul ko’rgan.

Avval Fulbrayt (Fulbright) dasturi orqali Qo’shma shtatlarga kelib-ketgan o’zbekistonlik mana bu qiz oradan ko’p o’tmay yana AQShga qaytib, shu yerda muqim qolish umidida.

“O’zbekistonga borganimdan keyin bir yil o’qituvchi bo’lib ishladim, so’ng konferensiyada qatnashish uchun Amerikaga yana bir bor keldim”.

Savol: “Kelgusi faoliyatingizni qayerda davom ettirmoqchisiz?”

“Amerikada. Chunki bu yerdagi ta’lim tizimi menga juda yoqadi”.

Biz xuddi shu savol bilan AQShda o’qib ishlayotgan boshqa yoshlarga ham murojaat qildik.

“Oylashimcha, O’zbekistonda ishlash uchun ko’plab qulay imkoniyatlar yaratilgan. Qo’shma korxonalar bor. Men hozir biznes boshqaruvini o’rganayapman. Bu bilim bilan O’zbekistonda ishlay olaman”.

Savol “Demak, o’qishni bitirib, O’zbekistonga qaytmoqchisiz, shundaymi?”

“Endi, ko’ramiz, xudo xohlasa”.

Qirg’izistonlik Saltanat Berdikeyeva Vashingtondagi Jorjtaun Universitetini (Georgetown University) bitirgan. Hozir AQShda ishlaydi. Qirg’izistondagi siyosiy beqarorlik iqtisodiyotga ham ta’sir qildi deydi u.

“Shu yerda turib oilamga ko’proq nafim tegadi. Singlim Germaniyada tahsil olmoqda. Uning kundalik xarajatlarini to’lashga ko’maklashaman. Qirg’izistondagi ota-onamga ham. U yerdagi qo’zgolonlar tufayli odam ertaga nima bo’lishini bilmaydi. To’g’ri istagan payt qaytishim mumkin. Lekin ish masalasi muammo bo’lishi ehtimoldan xoli emas”.

Mintaqada iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan davlat – bu Qozog’iston. Kazinform axborot agentligi ma’lumotiga ko’ra, mamlakatda 2007 yilda o’rtacha ish haqi taxminan 51 ming tenge, ya’ni qariyb 400 dollarni tashkil etmoqda. Odamlar qo’shni davlatlardan Qozog’istonga ish izlab bormoqda. AQShdagi nufuzli xalqaro tashkilotda ishlayotgan qozog’istonlik mana bu yigit vatanga qaytgach, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolar haqida shunday deydi.

“Qozog’istonda imkoniyatlar ko’p bo’lgani bilan poraxo’rlik juda katta muammo. Pora bermasdan, tanishlarni ishga solmasdan yaxshi ishga joylashish qiyin. To’g’ri, AQShda va Yevropa davlatlarida ham tanish-bilishchilik bor. Lekin Markaziy Osiyo davlatlaridagiday emas. O’zimga kelsak, maqsadim AQShda o’qishni bitirgach, yana uch-to’rt yil tajriba orttirish. Albatta men Qozog’istonning farzandiman. Istagan payt qaytishim mumkin”.

Amerika Ovozi bilan suhbatlashgan yoshlarning ko’pi chet eldagi hayotdan xursand. Biroq imkoniyatlar ochilsa, vatanga qaytish umidida. Xorijiy tajriba har narsada qo’la keladi axir. Dunyoqarash va masalalarga yondashuv o’zgaradi. Qozog’istonlik suhbatdoshimiz aytganidek, qaytgach, vatanda o’z yo’lini topib ketish ham oson emas. Lekin bu yoshlar qaytish uchun eshik ochiq bo’ladi degan umidda.

XS
SM
MD
LG