Rossiya "qizil chiziqlar" da hech kimga boy bermoqchi emas


Rossiya Tashqi ishlar vaziri davlat xavfsizligiga rahna soladigan harakatlarda hech kim bilan murosa qilmaymiz deb chiqmoqda.

Jumladan, Rossiya Kosovoga mustaqillik berilishi va Markaziy Yevropada AQSh mudofaa tizimlari o’rnatishiga qat’iyan qarshi.

Moskva Xalqaro Aloqalar Institutida qilgan ma’ruzasida Rossiya bosh diplomati “davlatimiz nozik masalalarda hatto hamkor mamlakatlarga ham yon bermaydi”, - dedi.

Sergey Lavrov “qizil chiziqlar” haqida gapiradi. Uning nazarida, Rossiya toqat qila olmaydigan harakatlar, uning xavfsizligiga tahdid soluvchi rejalar.

Rossiya bunda AQSh olg’a surayotgan qator tashabbuslarni qoralamoqda: Markaziy Yevropada, jumladan Chexiya va Polshada mo’ljallangan mudofaa tizimlari, Kosovoning Serbiyadan mustaqil bo’lish orzusi, NATO kengayishi va qurollar va harbiy kuchni cheklovchi Yevropa shartnomasining bugungi ahvoli.

Prezident Vladimir Putin fikricha yuqorida tilga olingan bitimga hech kim rioya qilmayapti. Oqibatda, deydi Putin, Rossiya undan chiqishi mumkin.

Kosovoga kelganda, G’arb davlatlari albanlar yashovchi Kosovo Serbiyadan ajralsin va xalqaro hamjamiyat tomonidan boshqariladigan mustaqil davlatga aylansin deb chiqmoqda. Rossiya esa Serbiyani sodiq hamkor deb hisoblaydi va Kosovoni ajralmas hududi deb atovchi rasmiy Belgradni quvvatlamoqda.

AQSh Eron tug’dirayotgan raketa hujumi xavfiga qarshi Polsha va Chexiyada yangicha mudofaa sistemalari o’rnatmoqchi. Rasmiy Vashington Kremlni “bu sizga qarshi harakat” emas deya ishontirishga urinmoqda.

Lekin, deydi Moskvadagi Strategik Tadqiqotlar va Tahlil Instituti direktori Vagif Guseynov, Vashington va’dasiga Moskvada ishonch juda past.

"Bir qaraganda",- deydi Guseynov, "AQShning rejasi yomon emas. Biroq biz reja haqida atroflicha ma’lumotga ega emasmiz. Hech kim bilmaydi raketa xavfi deganda nima nazarda tutilayotganini".

Tahlilchi deydiki, Rossiya Amerikaning Erondan nima uchun xavfsirayotganini tushunadi.

Ammo Rossiya siyosatchilari Vashingtonni xalqaro sahnadagi adolatli o’yinchi deb bilmaydi. Mamlakatda AQSh hukumati va armiyasini dunyo tinchligiga rahna solayotganlikda ayblashadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining so’nggi bayonotlari ana shu munosabatni aks ettiradi deydi siyosiy sharhlovchilar.

Biroq Rossiya diplomatiyadan yuz o’girayotgani yo’q.

"AQSh xavfni bartaraf etmoqchi bo’lsa", - deydi Lavrov, Rossiya u bilan ishlashga, balki birgalikda yangi xavfsizlik tizimi bunyod etishga tayyor. Vashington rasmiylari barcha taklif va mulohazalarni sinchiklab ko’rib chiqayotganini bildirmoqda".

XS
SM
MD
LG