Ukrainada prezident va parlament hokimiyat talashmoqda


Ukrainada prezident va qonunchilik organi kimning vakolati kuchliroq qabilida siyosiy jang davom etmoqda.

Shu yilning aprel oyida prezident Viktor Yushchenko parlamentni tarqatib yuborgan va 30 sentyabrda yangi saylovlar bo’lib o’tishini e’lon qilgan edi.

Saylov yaqinlashar ekan, prezident va uning siyosiy raqibi Bosh vazir Viktor Yanukovich hamda Oliy Rada raisi o’rtasidagi mojarolarning oxiri ko’rinmayapti.


Viktor Yanukovich parlamentda muxolifatni ko’pchilikka aylanishini va prezidentga nisbatan ishonchsizlik bildirishini istayotgan edi.

Prezident Yushchenko buni siyosiy nayrang deya, qonunchilarni g’irromchilar deb atamoqda. Uning nazarida hokimiyatni egallash uchun muxolifat yangicha g’oyalar emas, quruq tomosha bilan chiqmoqda.

Parlament a’zolariga murojaat qilar ekan, Yushchenko “Tinchlaning, xalqning sabr-toqatini suiste’mol qilmang va qonunchilik organini hajviy tomosha sahnasiga aylantirmang”,- dedi.

Yushchenko bu gaplar bilan ayniqsa Bosh vazir, parlamentdagi ko’pchilik yetakchisi, Yanukovichni nishonga olmoqda.


Yanukovich 2004 yilgi prezident saylovlarida g’olib chiqqan. Biroq Ukraina Konstitutsion Sudi ovozlar noto’g’ri sanalgan va saylov adolatsiz o’tgan deb qaror chiqargach xalq norozilik namoyishlariga zo’r bergan va tarix sahifalariga “Qong’ir Inqilob” sifatida kirgan siyosiy o’zgarishlar yuz bergan edi. Xalqaro hamjamiyat nazorati ostida saylov qayta o’tkazilib, unda Viktor Yushchenko eng ko’p ovoz to’plagan edi.


Ayni damda Yanukovich yetakchiligidagi siyosiy blok parlamentda eng ko’p o’ringa ega ekan, u bosh vazir. Yanukovich kechagi sessiyada qatnashmadi, biroq parlamentning saylovgacha uchrashishga haqqi bor deb bayonot berdi.


Parlament raisi Oleksandr Moroz ham shu fikrda. Moroz Sotsialistik Partiya a’zosi. Uning partiyasi ayni damda tarafdorlar sonini oshirish bilan ovora, lekin Ukrainada o’tkazilgan ommaviy so’rovlarda ancha past baholangan.


Oliy Rada raisi "Ukraina byudjeti masalasini hal etish kerak",- deb bong urmoqda.


Byudjet loyihasi esa bosh vazir tomonidan parlamentga 15 sentyabrgacha uzatilishi lozim. Aks holda, kelasi yilgi byudjetning ahvoli voy, deydi Moroz.

"Rada, prezident nazarida, noqonuniy bo’lishi mumkin, lekin xalq bu vakillarni iqtisodni mustahkamlash, Ukraina hayotini yaxshilash uchun saylagan. Qisqa muddatda bo’lsa-da, biror foydasi bo’lsin",- deydi Oleksandr Moroz.

Yana bir masala – Ukraina parlamenti kecha o’z immunitetini topshirish uchun ovoz berdi. Ayrim qonunchilar fikricha, prezident ham immunitetdan mahrum etilishi kerak. Ya’ni, sobiq qonunchilar va sobiq prezident tergov qilinishi va zarur topilsa, sudga tortilishi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Oleksandr Litvinenko esa muammo amaldagi konstitutsiyada deydi. Unda prezident, bosh vazir va parlament orasidagi aloqa va ularning vakolati aniq belgilanmagan.


"Hozirda turli siyosiy guruhlar uning yangilanishini, prezident vakolati kuchaytirilishini, Ukrainani markazlashgan hokimiyatga aylantirishni istaydi", - deydi tahlilchi.

Uning aytishicha, radikal kuchlar, jumladan kommunistlar, prezidentlikni batamom yo’qotishni tashviq qilmoqda.

Litvinenko fikricha Ukrainada ko’pchilik bugungi konstitutsion tuzumdan norozi. U kabi siyosatdonlar bosh qomus referendum orqali o’zgartirilsin, deb chiqmoqda. Prezident Yushchenko ham shu fikrda. Ehtimoliy referendumgacha esa siyosiy olishuvlar davom etaveradi, deydi Amerika Ovozi bilan so’zlashgan mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG