Breaking News

Germaniyada terror xuruji rejasi fosh etilgan


Germaniyada terror xurujlari rejalaganlikda gumon qilinib, uch shaxs hibsga olingan.

Germaniya rasmiylarining aytishicha, ular Frankfurt xalqaro aeroporti va Ramshtayndagi AQSh harbiy bazasini portlatishni mo’ljallagan.

Federal prokuror Monika Xarmsning so’zlariga qaraganda, terakt amerikalik fuqarolar tez-tez boradigan bar, restoran, diskoteka va aeroportlarni nishonga olishi kerak bo’lgan.

Qo’shma Shtatlar Ramshtayndagi bazadan Iroq va Afg’onistondagi harbiy harakatlarni amalga oshirishda foydalanadi.

Hibsdagilarning ikki nafari Germaniya fuqarosi, uchinchisi turk ekani xabar qilinmoqda.

Prokuror Monika Xarmsning so'zlariga qaraganda, ular Pokistonda Islomiy Jihod Ittifoqi degan guruh homiyligida tayyorgarlikdan o’tgan.

Mazkur radikal sunniy uyushma, deydi rasmiylar, o'zini O’zbekistonda asoslangan tashkilot deb tanishtiradi.

Guruh 2004 yilda Toshketdagi AQSh va Isroil elchixonalari yonida sodir etilgan portlashlar uchun mas'uliyatni o'z bo'yniga olgan. Ular O'zbekistonda mavjud hokimiyatni ag'darishni maqsad deb biladi.

Taxminlarga ko'ra, Islomiy Jihod Ittifoqi O'zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan jangarilar tomonidan tuzilgan. Tashkilot bir joyda birlashgan emas va a'zolari tarqoq holda, dunyoning turli burchaklarida faoliyat yuritadi.

So'nggi bir necha oy davomida Germaniya rasmiylari terror xurujlari rejasi haqida ogohlantirib kelayotgan edi.

Bu xavf Germaniyaning Afg'onistondagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgani bilan izohlanadi.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, Afg'oniston-Pokiston chegarasidagi terror o'choqlarida Germaniya fuqarolari ham tayyorgarlikda o'tmoqda.

"Bundan xulosa qilish zarur. Tahdid burnimizning tagida ekanini anglashimiz kerak", - deydi Germaniya kansleri Angela Merkel.

"Jinoyatchilar maqsadiga erishganda, buning oqibatlari dahshatli bo'lishi aniq edi", - deydi tergovda qatnashayotgan AQSh vakili Jorj Zirke.

Boshqa bir rasmiyning aytishicha, AQSh Islomiy Jihod Ittifoqi xavfi haqida Germaniyani avvaldan ogohlantirgan.

O’zbekiston bu borada hali biror munosabat bildirmagan. Tahlilchilar ham Islomiy Jihod Ittifoqi faoliyati haqida ko’p narsa bilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG