Markaziy Osiyo jangarilari yana jahon diqqatida


Germaniyada terror xurujlari rejasi fosh etilib, hibsdagi ayblanuvchilarning go’yoki O’zbekistonda asoslangan Islomiy Jihod Ittifoqi degan tashkilot bilan aloqasi borligi haqida ma’lumotlar tarqala boshladi.

Islomiy Jihod Ittifoqi haqiqatda katta kuchga egami, radikal kuchlar bugun nimaga qodir?

O’zini terrorga qarshi kurash yo’lboshchisi deb atovchi AQSh nazarida Markaziy Osiyo, xususan Farg’ona vodiysi azaldan radikalizm o’chog’i bo’lib kelgan.

Shu bois o’zbekistonlik yoki O’zbekiston Islomiy Harakati, uning qoldiqlari, Pokiston va Afg’onistondagi o’zbek jangarilar haqida gap ketganda, rasmiylar darrov aynan shu sabab ham O’zbekiston va qo’shni davlatlar strategik ahamiyatga ega, global xavfsizlik uchun muhim o’lkalar deya ta’kidlaydi.

Biroq bugunga kelib, deydi yetakchi diplomatlar, O’zbekiston Islomiy Harakatining kuni deyarli bitgan deyishga dalil ko’p. Lekin Afg'onistondagi janglarda tirik qolib, bugungi kunda yoshlarni yollashga urinayotgan keksa ektremistlar ham yo'q emas.

Pokistonlik jurnalist, Tolibon va jihod haqidagi kitob va maqolalar muallifi Ahmad Rashid O’zbekiston Islomiy Harakati bugun kichraygan, lekin faoliyatini to’xtatmagan. Ular ajnabiy jangarilar bilan hamkorlik qiladi va harakat yetakchilari Pokistonning Vaziriston mintaqasida, deydi u.

"Pokiston-Afg’oniston chegarasidagi bu tog’li mintaqa uzoq davrdan beri jangarilarni o’z bag’riga olgan. Mahalliy qabilalar ularni himoya qilib keladi. O’zbek jangarilar qaysidir jihatdan ularga aralashib ham ketgan",- deydi Ahmad Rashid.

Jurnalist deydiki, o’zbekistonlik va Markaziy Osiyoning boshqa respublikalaridan chiqqan jangarilarning vatanga borib keladigan sirli yo’llari bor. Bu qadim yo’nalishni aniqlash juda qiyin.

"Jangarilar qanday qilib Markaziy Osiyoga yetmoqda, buni turlicha taxmin qilish mumkin", - deydi Ahmad Rashid. "Balki Afg’oniston orqali to’g’ri chiqmoqda. Balki Afg’oniston va Erondan o’tib, Turkmanistonga kirmoqda va qarabsizki, asta O’zbekiston va boshqa yurtlarda. Xavfsizlik kuchlari ularni tutishga ojizlik qiladi".

Ahmad Rashid nazarida Afg’onistonda Tolibon hokimiyatdan ketgani bilan O’zbekiston yoki butun mintaqada ektremizm tahdidi pasaygan emas. Radikal ruhdagi, ektremistik, G’arbga qarshi kayfiyat so’nmagan.

Demak, yoshlar bu to’dalarga qo’shilaveradi, kattami-kichikmi turli makonlarda “jihod”ga qo’shilish uchun tayyorlanaveradi.

Pokistonlik journalist boshqa ko’plab mutaxassislar singari terrorizm va ektremizmni aholining iqtisodiy taraqqiyoti va siyosiy erkinligi yengadi deya ishonadi.

"Siyosiy erkinlik tazyiq ostida ekan, O’zbekiston kabi yirik jamiyatlarda siyosiy muxolifat yo’q ekan, yagona muxolifat quvg’indagi radikal kuchlar. Chunki ular o’zini qanday reklama qilishni, jahon ahli e’tiboriga tushishni biladi. Terror xurujlari va portlashlarni rejalab, dunyoni qo’rqitishda davom etadi",- deydi Ahmad Rashid.

O’zbekistonda o’qigan, tili va madaniyati bilan tanish tahlilchi, Vashingtondagi Jorjtaun Universitetida (Georgetown University) islom va Markaziy Osiyo bobida dars beruvchi va mavzu yuzasidan AQSh siyosatchilariga nasihat qilib turuvchi Shon Roberts (Sean Roberts) fikricha, 1990-yillarda O’zbekiston tuzumiga qarshi bosh ko’targan O’zbekiston Islomiy Harakati parchalanib ketgan.

Lekin Germaniyadagi tergovlar harakat hali ham o'z ta’siriga ega ekanidan, jangarilar bir joyda turishi qiyin bo’lgani uchun endi yurtma-yurt kezib, global miqyosda hujumlar uyushtirishga intilayotganidan dalolat beradi.

"Nazarimda radikal kuchlar bir hukumatni emas, ularga yoqmaydigan barcha hukumatlarni nishonga olishga ahd qilgan. O’zbekistondan chiqqan jangarilar yoki ular bilan chiniqqan ajnabiy kuchlar, qayerda bo’lmasin dushmanni yo’q qilish niyatida",- deydi Roberts.

Olim nazarida ko’plab ektremistlar asosan Afg’oniston va Pokistonda, to’da-to’da bo’lib harakat qilmoqda.

"Aniq tashkilot yoki millat haqida gapirish qiyin. Masalan, Germaniyada ushlanganlarning ikkisi nemis, biri turk. Biroq Pokistonda tayyorgarlikdan o’tgani, o’zbekistonlik jangarilarga aloqasi borligi aytilmoqda”, - deydi Shon Roberts.

2004 yilning mart, aprel va iyul oylarida Toshkent qator portlashlar va halokatlarga guvoh bo’lgan edi. Islomiy Jihod Ittifoqi o’shanda Internetda bayonot chiqarib, hujumlar ortida turganini tan olgan.

“Shundan beri”,- deydi Shon Roberts, “ular haqida deyarli eshitmagan edik”.

Tahlilchi fikricha AQSh, O’zbekiston va boshqa davlatlar maxfiy xizmatlari bu jangari kuchlar haqida to’liq bo’lmasa-da, ancha ma’lumotga ega. “AQSh va O’zbekiston bu borada axborot almashadi”, - deydi Roberts.

Uning aytishicha hukumatlar bu ma’lumotlarni oshkor etmasligi mumkin. Lekin AQSh xavf va hujumlar ehtimoli haqida ogohlantirib keladi.

Amerika, deydi mutaxassis, xalq diplomatiyasiga zo’r bermog’i lozim. Xalqlar bilan ma’naviy bog’lanish haqida o’ylasin. “Markaziy Osiyo siyosiy-iqtisodiy jihatdan ezilgan mintaqa. U yerda sabr-kosasi to’lgan, tuzumlardan norozi odamlar ko’p. Ularning dardini hech kim eshitmaydi”.

G’arb va mahalliy hukumatlar oldida, deydi sharlovchilar, ana shu vaziyatni o’zgartirishdek muhim vazifa turibdi.

XS
SM
MD
LG