Turkmanistonda siyosiy-ijtimoiy o'zgarishlar sust


Yaqingacha Turkmaniston dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri deya e’tirof etib kelinar edi. Biroq ko’pgina mutaxassislar fikricha, Saparmurod Niyozov vafotidan so’ng mamlakatda ahvol sezilarli darajada o’zgargan.

Yangi rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov ta’lim, iqtisodiyot va e’tiqod erkinligi bobida islohotlar amalga oshirgan. Yaqinda AQShning e’tiqod erkinligi bo’yicha komissiyasi Ashgabatda bo’ldi.

Uzoq vaqt mobaynida tashqi dunyo bilan cheklangan aloqada bo’lgan Turkmaniston bugun xalqaro maydonda tetapoya qadam tashlamoqda. Yangi rahbariyat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o’zgarishlar va’da qilgan.

Bu va’dalar ijrosi qanday kechmoqda? AQSh xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi raisi Maykl Kromarti nazarida garchi hokimiyatdagilar diniy erkinliklar tiklanadi deb jar solayotgan bo’lsa-da, amalda bu jarayon ko’ngildagidek kechmayapti.

“Biz bilan uchrashgan turli din vakillari va’da qilingan o’zgarishlar juda sust amalga oshirilayotganidan xavotirda. Turkmanistonda 2003 yilda qabul qilingan din va e’tiqod haqidagi qonun hamon yuridik kuchga ega. Bu hujjat diniy faoliyatni keskin cheklaydi”, -deydi Kromarti.

AQSh komissiyasi fikricha Turkmaniston rasmiylari e’tiqod erkinligini ta’minlash uchun qanday chora ko’rish zarur ekanini hali aniq anglab yetmagan. Shu bilan birga, mamlakatda diniy ayblar bilan qamoqqa olingan 11 kishi, jumladan sobiq muftiyning ozod etilishi, ijobiy hol deydi Maykl Kromarti.

“Turkmanistonga yordam berish kerak. Rasmiy Ashgabat ko’makka yo’q demaydi. Komissiyamiz faqat maslahat beradi xolos. Deylik, 2003 yilgi Din to’g’risidagi qonunga qanday o’zgartirish kiritgan ma’qul? Barcha dinlarni birdek erkinlik bilan ta’minlash uchun nima qilish kerak? Va hokazo. Turkmanistonga safarimiz davomida qayerga bormaylik, hamisha ochiq va samarali muloqot shohidi bo’ldik. Bu katta yutuq. Repressiv davlatlar odatda yordam so’ramaydi va bahs-munozara qilishni xohlamaydi. Hech qanday maslahat yoki tavsiyani eshitishni ham xohlamaydigan davlatlarda bo’lganmiz. Turkmaniston rasmiylari esa yordam kerak deb ochiq aytmoqda”, -deydi Kromarti.

AQSh delegatsiyasi Markaziy Osiyodagi eng yirik masjid – Qipchoq masjidini ko’zdan kechirgan. Bu muhtasham imoratning barcha devorlarida sobiq president Saparmurod Niyozov bitgan “Ruhnoma” asaridan parchalar o’yib yozilgan.

“Bu yerda ibodat qilinadi. Devorlarda prezidentning asari yozilgani g’alati va o’rinsiz, fikrimizcha. Biz, amerikaliklar uchun din va davlat ayri ekani tabiiy hol. Bu yerda esa aksini ko’rasiz – din va hokimiyat qorishib ketgan. Masjid devorlarida Qur’ondan biror satr keltirilganini ko’rmaysiz. Qur’onni ko’rsating bizga? Bu masjidmi axir? Bundan chiqdi, “Ruhnoma” Qur’ondan ustunroq ekan-da? Bilishimizcha, oddiy xalq bu yerga istar-istamas kelar ekan. Masjid bo’m-bo’sh… Delegatsiyamiz bilan borgan imom ham juda hayron bo’ldi. Shundan so’ng biz juma namozni ko’rish uchun boshqa masjidga bordik. Mutlaqo o’zgacha manzara. Masjid odamga to’la edi”,- deydi Kromarti.

Maykl Kromartining so’zlariga qaraganda, inson har yerda inson. Ibodat har yerda birdek muqaddas. Dinga yot narsani chetlab o’tish uchun g’ayrati yetadi e’tiqodli insonning.

XS
SM
MD
LG