Farg'ona vodiysi siyosiy-iqtisodiy muammolar iskanjasida


Xalqaro tashkilotlar nazarida Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirilayotgan siyosiy tazyiqlar diniy radikalizmning rivojlanishiga asos bo’lmoqda.

Aholi zich joylashgan Farg’ona vodiysi ayni mintaqada chegaralari kesishadigan O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikiston rasmiylari nazdida diniy ekstremizm o’chog’i hisoblanadi.

Mintaqa huquq-tartibot idoralari keyingi yillarda doimiy ravishda o’tkazayotgan aksilterror amaliyotlari sababini vodiyda diniy guruhlarning avj olayotgani, aholi o’rtasida tarqalayotgan radikal yo’nalishdagi adabiyotlar va taqiqlangan Hizb-ut-Tahrir diniy oqimining faoliyati bilan izohlaydilar.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar nazarida, vodiy aholisi o’rtasida ekstremistik kayfiyat kuchayishining sababi islom dini emas, mintaqa rahbarlari yuritayotgan siyosiy qatag’ondir.

Vodiylik dinshunos olimning aytishicha, O’zbekistonda notinchlik va tartibsizliklarga eng avvalo iqtisodiy va siyosiy omillar sabab bo’lishi mumkin. Olim fikricha, O’zbekistonda ayni paytda davlat siyosatidan mustaqil diniy peshvoning yo’qligi sababli din notinchlik uchun asosiy omil bo’la olmaydi.

O’shlik tahlilchi, ekstremizm va terrorizm bo’yicha mutaxassis Imomberdi Jalilov fikricha, Qirg’izistonda sodir bo’lish ehtimoli yuqori bo’lgan notinchliklar sababini diniy omillar bilan bog’lash unchalik to’g’ri emas. Qirg’izistonda O’zbekistonga nisbatan diniy erkinlik mavjudligi uchun “yashil inqilob”ga ehtiyoj yo’q.

Ammo kuzatuvchilar ta’biricha mintaqa davlatlari tomonidan mahalliy diniy guruhlarga nisbatan yuritilayotgan quvg’in-qatag’on siyosati o’zgarishi kerak. Aks holda, deydi ular, diniy omil iqtisodiy va siyosiy omillar natijasida mintaqada yuz berajagini amerikaliklar bashorat qilayotgan notinchliklarga sabab bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG