AQSh Iroqdan 30 ming askarini chiqara boshlaydi


Prezident Bush Iroqda ancha ishni amalga oshirdik deya askarlarni bu mamlakatdan chiqara boshlashini bildirmoqda. Kelasi yil iyul oyigacha 30 ming qo’shin vatanga qaytadi.

“Iroq qanchalik xavfsiz joyga aylansa, shuncha ko’proq askarni vatanga qaytarish mumkin bo’ladi,” - deydi Bush.

Rejaga muvofiq, AQShning Iroqdagi qo’shini soni 130 mingga tushishi kerak. Ijobiy ishlar va raqamlarga urg’u berish bilan, deydi tahlilchilar, prezident Bush urushdan norozi o’z partiyasi a’zolari ruhini ko’tarmoqchi.

“Terrorizm va ekstremizmni yengish uchun AQSh Yaqin Sharqda barqarorlik o’rnatishi, Al-Qoidani mag’lub etishi, Eron nufuzini pasaytirishi, Afg’onistonga yordam berishi va harbiy salohiyatini kuchaytirishi lozim,” - deydi Bush.

Muxolifatchi demokratlar fikricha esa AQShning Iroqdagi siyostini o’zgartirish vaqti allaqachon yetgan. Ularning aytishicha, Iroqda faqatgina terrorni oldini olish va mahalliy armiyani tayyorlash bilan shug’ullanish lozim.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, hozirda amerikaliklarning 70 foizi prezident urushni uddalay olmayapti degan fikrda. Bushning aytishicha Iroqda tinchlik o’rnatilsa, AQSh ham xavfsiz bo’ladi. Demokratlar nazarida esa AQSh Iroqda urushni davom ettiraversa, davlatning xalqaro maydondagi obro’si tushib boraveradi, harbiy salohiyati yemiriladi.

Iroqdagi urush va AQSh harbiy strategiyasi siyosatdonlarning ham diqqat markazida. AQSh Iroqda yana qancha qolishi mumkin, amaldagi siyosat to’g’rimi yoki yo’q, mamlakatda qancha qo’shin yetarli degan savollar muhokama ostida. Ammo Vashingtondagi mutaxassislar orasida bu masalalar bo’yicha yagona bir fikr yo’q.

Mudofaa vazirligi sobiq maslahatchisi Piter Rodman nazarida, AQSh Iroqqa katta qo’shin safarbar etib, harbiy salohiyatini namoyish etdi. Iroq xalqini mamlakat tinchimaguncha bu yerni tark etmaymiz deya ishontira oldi. AQSh aynan o’z shartlari asosida va o’zi xohlagan paytda Iroqdan chiqishini ko’rsatmoqchi, deydi Rodman.

Siyosatdon Syuzan Rays esa Iroqni har jihatdan parchalangan davlat deb biladi. Mutaxassis fikricha eng katta xato shuki, AQShning harbiy strategiyasi Iroqdagi haqiqiy ahvol talablariga moslashmayapti. Mamlakatda bir paytning o’zida bir necha urushlar ketyapti, xususan mazhablar orasida.

Fuqarolik urushi ro’y berayotgan joyda, deydi olima, xorij qo’shini cheklangan vakolatlarga ega. Iroqda siyosiy murosaga erishish lozim.

XS
SM
MD
LG