Qozog'iston rahbari BMTda Orol masalasini ko'tarib chiqdi


Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik 62-sessiyasi bo’lib o’tmoqda.

Unda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etmoqda.

Bugun Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov nutq so'zladi.

O’zbekiston vakili esa kelasi seshanba kuni ma’ruza qiladi. Sessiyada O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov qatnashishi kutilmoqda.

Kecha Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev nutq so’zlagan edi.

BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasida mamlakat rahbari yoki tashqi ishlar vazirining ma’ruza qilishi har bir davlatning ichki ishi.

Chunki davlatlar har yilgi sessiyaning ahamiyat darajasini o’zi belgilaydi. Bosh Assambleya sessiyalari davlat rahbarlarining bir-biri bilan norasmiy tarzda muloqot qilishi uchun ham qulay imkoniyatdir.

Turkmanistonning yangi prezidenti o’zini jahonga tanitish, respublikasining yangi siyosatini targ’ib qilish hamda jahon rahbarlari bilan shaxsan tanishish maqsadida ana shunday imkoniyatdan foydalanmoqda. Kecha Berdimuhammedov AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays bilan uchrashgan. Bugun esa Bosh Assambleyada nutq so’zladi.

62-sessiya Qozog’iston uchun ham muhim ahamiyat kasb etgani bois unda ma’ruza qilish uchun Nazarboyevning o’zi tashrif buyurdi.

Ma’lumki, Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga 2009 yilda raislik qilishga umid qilmoqda.

Biroq Qozog’istonda so’nggi olti oy ichida ro’y bergan ayrim siyosiy o’zgarishlar buni chipakka chiqarishi mumkin. Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishlar Nazarboyevga cheksiz marotaba saylanish huquqini berdi. Parlament saylovlari muddatidan erta o’tkazildi. Muxolifatning yangi parlamentga kirishiga to’sqinlik qilindi.

BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ma’ruza qilgan Nazarboyev o’z nutqida mamlakatining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan bog’liq rejasi haqida og’iz ochmadi, biroq bir necha kunlik sessiya ishi davomida YXHTga a’zo davlatlar vakillari bilan ana shu haqida muloqot qilish imkoniga ega.

Xususan kechaning o’zida Nazarboyev Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan uchrashdi. Qozog’iston axborot agentligi xabariga ko’ra, Sarkozi "Fransiya Qozog’istonning Yevropa tashkilotiga raislik qilish istagini qo’llab-quvvatlaydi", - deb aytgan.

Nazarboyev BMTdagi nutqida jahonda kollektiv xavfsizlik tizimi keskin susayganini ta'kidladi. Bunga, deydi u, xavfsizlikka doir xalqaro masalalar bo’yicha murosaga kelishilmagani sabab.

"Xalqaro boshqaruv tizimi inqirozga uchragan. Xalqaro hamjamiyat ommaviy qirg’in qurollari tarqalishining oldini olish uchun huquqiy vositalardan ayrilmoqda", - dedi u.

Muammoni yechish uchun Qozog’iston rahbari Ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimni bugungi kun talablariga moslashtirishni taklif qilmoqda.

Bitimda yadro quroliga egalik qilmaydigan davlatlarga sanksiyalar belgilangan, deydi Nazarboyev. Uning fikricha, bu noto’g’ri. Atom qurollariga egalik qilayotgan davlatlar boshqa mamlakatlarni ommaviy qirg’in qurollarini ishlab chiqarmaslikka chaqirmoqda, biroq ularning o’zi bu borada o’rnak bo’layotgani yo’q. Bu esa boshqa davlatlarni bitimga rioya qilmaslikka majbur qilmoqda.

Nazarboyev o’z nutqida xalqaro terrorizm masalasiga ham e’tibor qaratib, uning gurkirashiga xalqaro narkosavdo sabab bo’layotganini va Afg’onistonda giyohvand moddalarni yetishtirishga qarshi kurash sustligini qayd etdi.

Nazarboyev Orol dengizi muammosini ham chetlab o'tmadi. Uning aytishicha, allaqachon xalqaro darajaga ko’tarilgan ushbu masalaga jahon hamjamiyati yetarlicha e’tibor qaratmayapti.

Qozog’iston rahbari Orol dengizini qutqarish xalqaro fondiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti idorasi maqomini berishni taklif etdi.

BMT islohoti haqida so’zlar ekan, Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik Kengashini kengaytirish va uning ish uslubini isloh qilish zaruratini tilga oldi.

XS
SM
MD
LG