Turkmaniston rahbari AQShga ilk bor tashrif buyurdi


Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 62-sessiyasi davom etar ekan, kecha Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov so’zga chiqdi. Bu uning davlat rahbari sifatida AQShga ilk tashrifi bo’ldi.

Turkmaniston prezidentining AQShga kelishi ko’pchilikni hayratga soldi. Saparmurod Niyozov hayotligida chetga kam chiqar, ayrimlar buni Turkmanboshi shaxsiga bog’lasa, ayrimlar respublika neytralitetiga ishora qilardi. Niyozov Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi sammitlarini ham pisand qilmas edi. Biroq siyosiy tajribasi kam, Niyozov o’limidan so’ng respublika tashvishlari va quvonchlarini o’z zimmasiga yuklagan Berdimuhammedov o’zgacha siyosat yurita boshladi.

Turkmanboshi tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlar bekor qilindi. 10 yillik o’rta ta’lim, nafaqalar tiklandi. Turkmaniston islohotlarga yuz tutayotganday ko’rina boshladi. Berdimuhammedov chet el safarlariga tez-tez chiqadigan bo’ldi. Bu bilan u o’zini mustaqil rahbar sifatida ko’rsata boshladi. O’zining Niyozov sharpasi emas, balki jiddiy ish yurita oladigan mustaqil siyosatchi sifatida ko’rishlari uchun astoydil bel bog’ladi.

Berdimuhammedovning AQShga tashrifi muhim ahamiyatga ega. Bu Turkmaniston-G’arb va Turkmaniston-Amerika aloqalarida yangi davr boshlanganidan dalolat. Bosh Assambleyaning ilk kuniyoq, hali nutq so’zlamasdan turib, Berdimuhammedov AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bilan uchrashdi va Nyu-Yorkdagi nufuzli Kolumbiya universitetida ma’ruza qildi. Bu bilan u xalqaro hamjamiyatga ochiq ekanini va noqulay savollardan cho’chimasligini bildirdi. Turkmaniston rahbari AQSh ishbilarmonlari bilan ham uchrashdi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar muqobil yonilg’i manbalari bobida Turkmanistondan Rossiyaga qarshi foydalanmoqchi.

BMT Bosh Assambleyasidagi 15 daqiqalik ma’ruzasida Berdimuhammedov bir necha mavzuda to’xtaldi. U yil oxirida Ashgabatda BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo’yicha mintaqaviy markazi ochilishini olqishlab, betaraf maqomga ega Turkmaniston mintaqada mojarolarni hal etishda ijobiy rol o’ynashga tayyor dedi.

Turkmaniston rahbari o’z nutqida mamlakatining ommaviy qirg’in qurollari tarqalishiga qarshi ekanini ta’kidladi.

Bosh Assambleyadagi chiqishida Berdimuhammedov ekologiya ifloslanishi muammosini ham ko’tardi. Uning aytishicha, Turkmaniston har yili davlat byudjetidan ikki yuz million dollargacha pulni atrof-muhit himoyasi uchun ajratadi.

Yonilg’i resurslari haqida gapirar ekan, Turkmaniston prezidenti bu borada iqtisodiy jihatdan qulay loyihalar ustida ish olib borilishini ta’kidladi.

"Turkmanistonning xalqaro miqyosdagi energetik strategiyasi turkman yonilg’i resurslarini barqaror va uzoq-muddatli shartlar asosida xalqaro bozorga olib chiqish uchun muqobil quvurlar tizimini rivojlantirishdan iborat," deydi Qurbonguli Berdimuhammedov.

Turkmaniston shu yili BMT Bosh Assambleyasiga vitse-prezidentlikka saylangan.

XS
SM
MD
LG