O'zgarishni O'zbekistonda xalqning o'zi istashi lozim


O’zbekistonda prezident saylovlariga tayyorgarlik ko’rilmoqda. Nomzodini olg’a surmoqchi bo’layotgan, parlamentdagi biror partiyaga kirmaydigan, fuqarolar ularga e’tibor berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Vaziyatni chetdan turib kuzatayotgan mutaxassislar nazarida saylov qonunan hamma uchun ochiq bo’lishi lozim.

Xalqaro hamjamiyat shu paytgacha Markaziy Osiyoda biror bir rahbarning erkin va adolatli saylov asosida saylanganiga guvoh bo’lmagan.

Qozog’istonda 18 yillik rahbar Nursulton Nazarboyev, qonunan, istaganicha prezidentlikka o’z nomzodini qo’yishi mumkin.

G’arb nazarida Qirg’iziston mintaqadagi eng erkin davlat bo’lsa-da, diktaturani ag’dargan yangi tuzum hali ham siyosiy kelishmovchiliklar girdobida.

Tojikistonda 15 yildan beri hukmron Imomali Rahmon o’tgan yilgi saylov natijasida mamlakatni 2013 yilgacha boshqarish vakolatini olgan.

Turkmanistonda Saparmurod Niyozov abadiy rahbar edi, o’tgan yili o’lamdan o’tib, Qurbonguli Berdimuhammedov yangi prezident etib tayinlandi. Jamiyat erkinlashadi deya katta umidlar bog’langan, biroq o’zgarishlar juda sust.

O’zbekistonda Islom Karimov, 18 yillik rahbar, hokimiyatdagi kunlari, qonunga muvofiq, o’z nihoyasiga yetayotgani haqida og’iz ochmaydi. Shu jumladan, Markaziy Saylov Komissiyasi va O’zbekiston ommaviy axborot vositalari ham.

Ko’pchilik saylov umid uyg’otayotganini, biroq siyosat erkin tahlil qilinmayotgani va saylov haqida aniq va xolis ma’lumotlar yetishmasligidan noliydi.

“O’zbekiston Respublikasi fuqarolari jonkuyar rahbarga ega bo’lishga haqli”,- deyiladi Amerika Ovoziga bir tinglovchi tomonidan yo’llangan maktubda. Yana bir tinglovchi esa "O’zbekistonda erkin va ochiq saylovlar o’tkazish vaqti yetgan, xalq o’z kelajagini haqqoniy ravishda belgilashni istaydi",- deydi.

"Shubhasiz",- deydi O’zbekistondagi vaziyatni keskin deb hisoblovchi tashkilot vakili Jon Grinvold (Jon Greenwald), "respublikada xalq hayot yaxshilanishini, saylov bunga zamin yaratishini istaydi". Janob Grinvold Xalqaro Bo’hronlar bo’yicha Tashkilot vitse-prezidenti.

"Har qanday davlat tizimi siyosiy o’zgarishlarga yo’l ochishi lozim. Siz demokratik jamiyatmisiz yoki bir kishi qaror qiladigan davlatmi, o’zgarishsiz hech narsa bo’lmaydi. O’zbekistonda hukmron tizimni, afsuski, demokratik deya olmaymiz. Har qanday o’zgarishga yo’q deydigan tizim", -deydi Grinvold.

Siyosiy inqirozlarning oldini olishni maqsad qilgan tashkilot vakili tashqi dunyo O’zbekistonda hech narsani o’zgartira olmaydi deydi. O’zgarish tashabbusi jamiyatning o’zidan chiqishi lozim.

"O’zbekiston rahbariyati kelajak porloq bo’lsin desa, o’zgarish normal hol ekanini anglashi lozim",- deydi Jon Grinvold. "Bugun hokimiyatni qo’ldan berishni xohlamasangiz xalqning va davlatchilikning ertangi kuni nima bo’ladi? Demokratiya - xalq saylagan, xalq uchun xizmat qiladigan va xalq nazorati ostida ishlaydigan tuzum".

Demokratiya siyosiy raqobat va musobaqasiz kechmasligi ham ma’lum. O’zbekiston Oliy Majlisidagi besh partiyaning hech biri Islom Karimov siyosatiga qarshi chiqmagan.

Antoni Boyer (Anthony Bowyer) IFES, Saylov Tizimlari bo’yicha Xalqaro Jamg’arma degan tashkilot vakili, nazarida mamlakat “muxolifat” degan tushuncha yoki tan olinmagan muxolifat haqida yaxshi bilmaydi.

"Saylov adolatli o’tishini ta’minlamoqchi bo’lsangiz, birinchidan siyosiy raqobatga yo’l ochasiz. Ikkinchidan, xalqning siyosiy partiya va harakatlar hamda ularning mafkurasi haqida bilishini ta’minlaysiz. Demak, matbuot erkin bo’lishi shart. Uchinchidan, saylovchi bilimini oshirish kerak. Fikrimizcha, O’zbekistonda saylovchi tizimni, konstitutsiyani yaxshi tushunmaydi. Prezidentlik muddati qachon tugaydi…, saylov kampaniyasi nima…, nomzodlar qachon targ’ibotni boshlaydi… Bularni tushunish o’zbekistonliklar uchun juda qiyin kechyapti”, - deydi Boyer.

O’zbekistonda prezidentlik uchun nomini ovozga qo’yishni istagan shaxs 800 ming kishidan imzo to’plashi lozim. Respublikadagi saylovchilarning besh foizi.

O’zbekistonda huquq faollaridan bir nechasi nomzodlikka intilmoqda. Hukumatning ashaddiy tanqidchilari bo’lgani bois ro’yxatdan o’tish-o’tmasligi noma’lum. Abdulla Tojiboy o’g’li, Jahongir Shosalimov, Akbar Aliyev, Adham Shoimardonov va hokazo. Mahalliy matbuot ularni yoritmaydi.

Hukumatga yoqmaydigan shaxslar prezidentlik uchun o’z nomzodini qo’ymoqchi bo’lsa, nima qila oladi?

"Tizim siyosiy raqobatni ko’tara oladimi, shunga bog’liq. Saylovlar va muxolifat haqida ma’lumot juda kamligi va jamoatchilik fikri juda cheklanganini hisobga olsak, hozirgi vaziyatda biror narsa deyish qiyin",- deydi Boyer.

O’zgarishlar qaltis jarayon deya ogohlantirayotganlar ham talaygina. Tashqaridan turib, baholash oson; O’zbekiston mintaqadagi eng katta va eng murakkab jamiyat, deydi amerikalik tahlilchi, Markaziy Osiyo siyosati bilan uzoq yillardan beri tanish Shon Roberts (Sean Roberts).

"Siyosiy maydon kengaymas ekan, siyosiy jarayonlar oydinlashmas ekan, hokimiyat uchun kurash boradi. Rahbariyat yangilanganda yoki yangilanayotgan paytda beqarorlik vujudga kelishi tabiiy", - deydi Roberts.

Tahlilchilar nazarida O’zbekistonda odamlar o’zgarishni beqarorlik deb biladi va undan cho’chiydi. Hokimiyatda kim bo’lishidan qat’iy nazar tinchlik-farovonlik bo’lsin deb so’rayotganlar – ko’pchilik. Saylov kuni, deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan mutaxassislar va sharhlovchilar, nomzodlarga ana shu omma ovoz beradi.

XS
SM
MD
LG