Ukraina parlament saylovlari arafasida


Besh oy davom etgan siyosiy kelishmovchiliklar ketidan, Ukraina 30 sentyabr kuni yana parlamentga ovoz beradi.

Mamlakatda 2004 yilgi Qo’ng’ir inqilobdan beri tinchlik yo’q. Bosh vazir Viktor Yanukovich va prezident Viktor Yushchenko hokimiyat talashib keladi.

Saylovni 30 sentyabrda o’tkazish haqida Yanukovich va Yushchenko may oyida kelishib olgan edi. Undan oldin, aprel oyida prezident Yushchenko Yanukovichni qonunchilarni o’z tomoniga og’dirayotganlikda ayblab, parlamentni tarqatib yuborgan edi.

Ukrainadagi siyosiy inqiroz ortida, deydi muxbirimiz Jeff Svikord, hokimiyat organlari qancha vakolatga ega bo’lishi yuzasidan kelishmovchiliklar yotibdi. Mutaxassislar fikricha so’nggi uch yil mobaynida ichinchi bor o’tkazilayotgan saylov bu kelishmovchiliklarga nuqta qo’ymaydi.

Ukraina-AQSh Demokratiya Jamg’armasi degan tashkilot xodimi Marta Matselyux ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga umid qilsa-da, saylov natijalari ancha vaqtgacha aniqlanmaydi, deydi. Ayniqsa, partiyalar natija yuzasidan sudda tortishadigan bo’lsa.

2004 yilgi inqilob Ukrainaga siyosiy o’zgarishlar olib keladi deya umidlar bog’lagan edi. G’arbga tayanuvchi prezident Viktor Yushchenko va Rossiyaga tayanuvchi Bosh vazir Viktor Yanukovich o’rtasidagi kelishmovchiliklar Kiyev ko’chalarida bir necha bor namoyishlarga sabab bo’lgan.

Tahlilchi Yan Nitze nazarida Ukraina Yevropa Ittifoqi a’zoligiga intilayotgan bir paytda, siyosiy beqarorlik uning obro’siga ta’sir etmay qo’ymaydi.

Saylov oldidan Ukraina siyosatchilari e’tiborni ijtimoiy mavzular va korrupsiyaga qaratishga urinmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatda o’rtacha ish haqi 250 dollarga teng. Iqtisodiyot yiliga 7 foizga o’smoqda.

Kiyev Sotsiologiya Instituti o’tkazgan so’rovda, saylovchilarning 33 foizi Bosh vazir Yanukovich, 12 foizi prezident Yushchenko va 23 foizi Yuliya Timoshenko yetakchiligidagi siyosiy blok a’zolariga ovoz bermoqchi. Agar saylovda ham shu natija qayd etilsa, yetakchi partiyani tuzish muzokara taqozo etadi.

Siyosatchilarning kuchi, xohishi va irodasiga qarab, koalitsion hukumat tuzilsa ajabmas, deydi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG