Gumanitar Fanlar Instituti erksevar yoshlarga yordam beradi


AQShning Jorj Meyson Universiteti (George Mason University) qoshida Gumanitar Fanlar Instituti (Institute for Humane Studies) bor. 1961 yildan faoliyat ko’rsatib kelayotgan bu tadqiqot markazi erkinlik va demokratiyani ulug’ qadriyat deb biladigan talantli yoshlar va mutaxassislarni moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlab keladi. Grant va stipendiyalar beradi, shunindek faol yoshlar uchun seminar va amaliyot kurslari taklif qiladi.

Ularda ishtirok etish uchun tashkilot veb saytiga kirib, hujjatlarni to’ldirish kerak deydi institut xodimi Jon Tresher.

“Fuqarolik jamiyati yuzasidan izlanayotgan yosh tadqiqotchilar - Humane Studies Fellowship, kino sohasiga qiziqqanlar - Film and Fiction Scholarship yoki yozgi ta’til davrida AQShda tadqiqot olib borishni istaganlar - Summer Graduate Research Fellowship kabi dasturlarda qatnashish uchun hujjat topshirishi mumkin. Bunda maxsus test topshirish talab qilinadi. Biroq talaba ingliz tili bo’yicha TOEFL yoki oliy ma’lumotni imtihondan o’tkazuvchi GRE kabi testlar topshirgan bo’lsa, olgan baholarini hujjatda qayd etishi mumkin. Baholar, albatta, tanlovda o’z ta’sirini ko’rsatadi”.

Gumanitar Fanlar Instituti faqat AQShdagi xarajatlarni qoplaydi. Samolyot uchun chipta va viza haqini dasturda qatnashayotgan kishining o’zi to’laydi.

“Qo’shma Shtatlarga kelganidan so’ng qatnashchining turar-joyi va oziq-ovqatini insitut qoplaydi. Viza olish uchun rasmiy taklifnoma jo’natamiz”, - deydi Jon Tresher.

Insitut professori Nayjel Eshford avval Angliyaning Steffordshir Universitetida siyosatdan saboq bergan. Professor Eshfordning aytishicha, dasturda qatnashgan yosh izlanuvchi erkin mushohada qilishni, tanqidiy-tahliliy firklashni o’rganadi.

“Men biror narsada xato qilishim, yanglish ma’lumotlarga ishonishim mumkin. Chunki oddiy insonman. Voqealarga xolis baho berishim dargumon. Xo’sh, men xato o’ylayman, lekin buni qanday bilaman? Buning uchun o’z fikrimni, pozitsiyamni aniq bayon qilaman. Atrofdagilarning tanqidiy mulohazalarini, munosabatini tinglabgina, muvozanat nuqtasini topishim mumkin”.

Amaliyot o’tash uchun kelganlar birinchi haftani institutning o’zida o’tkazib, so’ng turli tashkilotlarga yuboriladi.

“Jurnalistlar va kinorejissyorlar uchun mo’ljallangan dasturimiz bor. Uning qatnashchilari esa ABC, Warner Brothers va Plum Pictures kabi kompaniyalarda malaka oshiradi”, - deydi Jon Tresher.

AQShning Jorj Meyson Universiteti qoshidagi Gumanitar Fanlar Instituti xorijlik yoshlarda, jumladan o’zbekistonlarga taklif etuvchi dasturlar haqida www.theihs.org sahifasidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG