Breaking News

O'zbekistonda biznes yuritish bir oz osonlashgan


Jahon Banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi qatorasiga beshinchi yil “Biznes yuritish” sarlavhasi ostida hisobot chop etdi.

Unda jahon bo’ylab 178 mamlakatda biznes qilish muhiti tahlil qilingan va mamlakatlar 10 yo’nalish bo’yicha maxsus javdalga joylashtirilgan. Hisobotdan Markaziy Osiyo davlatlari va xususan O’zbekiston ham o’rin olgan.

Iqtisodiy ko’rsatkichlar bo’yicha ko’plab xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqidga uchraydigan O’zbekistonda, mazkur yangi hisobotga ko’ra, biznes yuritish ancha yengillashgan. 145-o’rindan 7 pog’ona yuqoriga ko’tarilishga muvaffaq bo’lingan. Loyiha mutaxassislari mamlakatda biznes yuritishni tahlil qilish maqsadida bir nechta mahalliy kompaniya faoliyatini o’rgangan. 10 yo’nalish bo’yicha – biznes ochish, litsenziya olish, xodimlarni yollash, mulkni ro’yxatdan o’tkazish, kredit olish, investorlarni himoyalash, soliq to’lash, qo’shni davlatlar bilan ishlash, kontraktlar bajarilishini nazorat qilish hamda biznes yopish. Har bir operatsiyaning qancha vaqt olishi, unga ketgan xarajatlar va jarayon murakkabligi kabi omillar hisobga olingan.

Loyiha mutaxassisi Svetlana Bagaudinovaning aytishicha, O’zbekiston bu yili to’rt yo’nalish bo’yicha ahvolni yaxshilagan.

"O’zbekistonda korxona yoki kompaniyani ro’yxatdan o’tkazish vaqti deyarli uch baravarga qisqardi. 29 kundan 13 kungacha. Korxonalarni ro’yxatdan o’tkazishni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori bunga sabab bo’ldi," deydi mutaxassis.

Jadvalga ko’ra, O’zbekistonda biznes ochich uchun yetti bosqichli jarayondan o’tish kerak. Bu Gruziyadan keyin MDH davlatlari orasidagi eng yuqori ko’rsatkich. Mulkni qayd etishda ham O’zbekiston o’tgan yilga qaraganda ancha olg’a qadam qo’ygan – 167-dan 119-o’ringa, deydi Svetlana Bagaudinova.

"Mulkka egalik qilish haqidagi hujjatni notarius orqali tasdiqlash uchun to’lov hajmi mulk qiymatining 11 foizidan 1,4 foiziga tushdi. Bu tobora ko’proq fuqarolar va ishbilarmonlar mulkni o’z nomiga o’tkazadi, degani."

Loyiha uchun respondent vazifasini o’tagan mahalliy kompaniyalar hukumat tomonidan ta’qibga uchramaslik uchun ijobiy ma’lumotlar bergan bo’lishi mumkinmi, degan savolga Jahon Banki vakili respondentlar o’rganilgan 10 ta jarayonning har biri uchun turli kompaniyalar orasidan tanlangan, deb javob berdi.

Bundan tashqari, deydi Svetlana Bagaudinova, O’zbekistonga tegishli raqamlar va baholar bilan ish olib borilganda biznes yuritishni yaxshilashga qaratilgan qonun yoki qarorlarning quruq o’zi emas, balki ularning amalga oshirilishi hisobga olingan.

O’zbekistonda biznes yuritish darajasini tadqiq qilgan loyihaga ko’ra, hisobga olingan 10 yo’nalishning to’rttasida olg’a siljish kuzatilgan bo’lsa, qolgan oltitasida ijobiy o’zgarishlar kuzatilmagan. Xususiy firmalarning kredit olishi qiyinligicha, aksiyadorlarning korxona oldida huquqiy himoyasi esa hali ham zaifligicha qolmoqda. O’rta hajmdagi firma bir yilda jami 188 marta 13 xildagi soliq to’lar ekan.

Jahon Banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi hamkorligida amalga oshirilgan loyihaning xulosa qilishicha, jahon bo’ylab biznes yuritish Singapur, Yangi Zelandiya, Qo’shma Shtatlar, Gong Kong va Daniya kabi mamlakatlarda oson ekan.

XS
SM
MD
LG