Prezidentlikka Oliy Majlisdagi partiyalardan nomzodlar ko'rsatilmoqda


2000 yildagi prezident saylovlarida Islom Karimovni o'z nomzodi qilib ko'rsatgan “Fidokorlar” partiyasi bu safar markaziy kengash rahbari, partiyaning Oliy Majlisdagi fraksiyasi raisi, Axtam Tursunovni tanlagan.

Tursunov qonunchilik palatasida Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo’yicha qo`mita raisi.

“Fidokorlar” parlamentda 18 deputatga ega. Liberal demokratlar va Xalq demokratlaridan keyingi uchinchi yirik partiya.

“Milliy Tiklanish” partiyasi esa o’z markaziy kengashi raisi, partiyaning Oliy Majlisdagi fraksiyasi rahbari, yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadni prezidentlikka nomzod etib tasdiqlagan.

“[Do’stmuhammad] 2005 yilda partiyaga yetakchi bo`lib kelgandan buyon partiya son jihatdan ham, sifat jihatdan ham ko`tarildi. Tajribali siyosatchi va yaxshi ijodkor”, - deydi Mirzajonova.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Dilorom Toshmuhamedovani ko’rsatgan.

Toshmuhammedova partiya kengashining birinchi kotibasi va uning qonunchilik palatasidagi fraksiyasi raisi.

Tanqidchilar fikricha esa bu “qo’g’irchoq” partiyalardan chiqayotgan nomzodlar saylovda siyosiy kurash uchun emas, balki saylovning bir nechta nomzodlar ishtirokida o`tayotganini ko`rsatish uchungina qatnashmoqda.

O`zbekistonda o’zini muxolifat deb e’lon qilgan partiyalar hukumat tomonidan ro`yxatga olinmagan.

Muxolifat vakillari tashabbus guruhlar orqali prezidentlik saylovida qatnashishni rejalagan.

O`zbekiston huquq himoyachilari alayansining uch a`zosi prezidentlik uchun kurashmoqchi.

Bu nomzodlardan biri, huquq faoli Jahongir Shosalimovning aytishicha saylov qonunlari buzilmagan taqdirda u jarayonda ishtirok eta oladi.

“Bizni qo’llab- quvvatlovchi kishilarga bosimlar ortayotganiga qaramasdan saylovda ishtirok eta olamiz. Chunki qonunlarni ishlashidan hukumatning o’zi manfaatdor. Saylovlarning qonuniy va haqqoniy o`tishi O`zbekiston kelajagi uchun muhim. Hukumat tanqidlarning keyingi oqibatlaridan qo`rqqan holda ham bizga yo`l beradi”, - deydi Shosalimov.

Markaziy Saylov Komissiyasi 2 oktyabr kuni o`tkazgan matbuot konferensiyasida prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni istagan partiyalar, shuningdek mustaqil tashabbus guruhlaridan arizalar qabul qilinayotganini bildirgan.

Hozircha bu qog’ozlar “Adolat” va “Fidokorlar ” partiyasidan qabul qilingan xolos.

Mustaqil nomzodlardan Abdulla Tojiboy o’g’lidan saylov komissiyasiga ariza tushgani aytiladi.

Markaziy Saylov Komissiyasiga ko`ra Abdulla Tojiboy o’g’li tashabbus guruhi yig’ilishini o`tkazishda xavfsizlik ta’minlanishini va yig’ilish o’tishi uchun bino ajratilishida yordam so’ragan.

Abdulla Tojiboy o’g’lining so’zlariga qaraganda ariza faqat tashabbus guruhini ro`yxatga olish yoki yordam so’rashdan iborat bo’lmagan.

“Biz uchrasha olmaganimizdan keyin shu arizani yozishga majbur bo`ldik… Saylov byuletenlari, imzo qog’ozlari haqida, umuman gaplashadigan gaplarimiz ko’p edi”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Mustaqil nomzodlar ro’yxatdan o’tishi uchun 300 kishidan iborat tashabbus guruhi tuzishi va nomzodni qo’llab-quvvatlovchi 800 000 yaqin imzo to’plashi lozim.

XS
SM
MD
LG