Qirg'iziston Jahon ijtimoiy adolat kunini o'tkazishni taklif qilmoqda


2 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 62-sessiyasida Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Ednan Qoraboyev nutq so’zladi. Qirg’iziston rasmiysi mintaqaga tegishli hech bir mavzuga alohida to’xtalmadi va asosan doimiy taraqqiyot haqidagi umumiy gaplar bilan cheklandi.

Ednan Qoraboyev tog’li hududlarda joylashgan davlatlar taraqqiyotiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab, ikkinchi jahon tog’li davlatlar sammitini o’tkazishni taklif etdi.

Qirg’iziston tashqi ishlar vaziri umumiy xavfsizlik va barqarorlikka erishish uchun jamiyatda ijtimoiy adolat bo’lishi kerak dedi.

Vazir Qoraboyev Qirg’iziston prezidentining 20 fevralni BMT tomonidan Jahon ijtimoiy adolat kuni deb e’tirof etish taklifini olg’a surdi.

AQShga safari chog’ida Ednan Qoraboyev Bush ma’muriyatining ayrim rasmiylari, xususan Davlat kotibasi Kondoliza Rays va Davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedli bilan uchrashdi.

“Vashington Tayms” gazetasiga bergan intervyusida Qoraboyev Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga AQShga qarshi harbiy blok sifatida qaramaslikka chaqirdi.

“AQSh Manas aviabazasidan Afg’onistonda barqarorlik ishlari va aksil-terror harakatlari tugamaguncha foydalanishi mumkin” dedi Qirg’iziston tashqi ishlar vaziri.

30 sentyabr kuni Ednan Qoraboyev va Kondoliza Rays Qirg'iziston va AQSh o'rtasida yadroviy va radioaktiv moddalar kontrabandasiga qarshi kurash bo'yicha hamkorlik qilish dasturiga qo'l qo'ydi.

XS
SM
MD
LG