AQShda musulmon yoshlar ko'payib, sharoit ham o'zgarmoqda


Qo’shma Shtatlarda islom va musulmonlar eng nozik va dolzarb mavzulardan.

Ayniqsa, Ramazon oyida musulmonlarning haq-huquqi atrofida bahs-munozaralar kuchaygandan kuchayadi.

Islomga e’tiqod qiluvchilarning xohishi quyidagicha: idora va muassasalarda namoz uchun alohida joy hozirlash, namoz paytida darsdan ruxsat olish, hayit kuni ish yoki o’qishdan ta'til olish va hokazo.

Universitet va maktablar munozaraga tortilishi tabiiy, chunki AQSh ta’lim muassasalarida minglab musulmon yoshlar tahsil oladi.

Har bir ta’lim dargohi bu borada mustaqil qaror qabul qilishga haqli.

Virjiniya Hamdo'stlik Universiteti (Virginia Commonwealth University) rasmiysi Ruben Rodrigezning aytishicha, ma’muriyat barcha din vakillariga birday imtiyoz yaratishga harakat qiladi:

“Deylik, talaba namoz o’qishi yoki ibodat qilishi, biror marosimda qatnashishi kerak. Bizni oldindan ogohlantirsa, jadvalni shunga moslashtirishga tayyormiz. Xoh u musulmon yoki nasroniy, yahudiy yoki hindu bo’lsin. Barcha uchun birday sharoit”.

AQShning Oregon shtatidagi jamoat kollejining o’zbekistonlik talabasi Ulug’bek Boymurodov ro’za tutib, namoz o’qish muammo emas deydi.

“Kollejdagi rahbarimdan namoz o’qisam maylimi deb so’raganman. U “bu yer jamoat joyi, fuqarolar soliqlari hisobiga bunyod etilgan. Shunday ekan, hamma o’zining diniy amallarini bajarishi mumkin”, - degan. Dars xonasining orqasida talabalar dam olishi uchun maxsus joy bor. Namoz paytida bemalol o’sha yerga kirishim mumkin”.

Ayrim shtatlarda, xususan, Nyu-Jersidagi Kliffsayd Park maktabida (Cliffside Park School District) Hayit kuni darslar butunlay bekor qilingan. Michigan Universitetida esa tahorat uchun hojatxonalarda qulayliklar hozirlangan.

Musulmon talabalari soni qariyb 1000 kishini tashkil etgan Virjiniya Hamdo'stlik Universiteti rasmiysi Ruben Rodrigez fikriga ko’ra,

“Amerikadagi boshqa universitet, kollej yoki maktab bu masalada qanday yo’l tutishi o’ziga havola. Kimdir diniy ayyomni milliy bayram sifatida nishonlashi mumkin. Hech kim bunga qarshi emas. Virjiniya Universiteti – jamoat muassasasi. Universitet talabalari Virjiniya shtatida qabul qilingan bayramlardagina dam oladi”.

“Virjiniya Universitetida Musulmon Talabalar Uyushmasi faoliyat ko’rsatib, musulmon talabalarning ehtiyojlari haqida universitet ma’muriyatini ogoh qilib turadi. Masalan, studentlarga namoz uchun alohida xonalar ajratish, iftorlik uchun yengil ovqat tayyorlash va hokazo”.

Yaqinda respublikachi kongressmen Ruben Diaz AQSh maktablarida Iyd ul-Fitr va Iyd ul-Adhani bayram sifatida nishonlab, dam olish kuni e’lon qilishni taklif qilgan.

Amerika-Islom Munosabatlari Kengashining (Council on American-Islamic Relations) Chikago bo’limi ijrochi direktori Ahmed Rehab bu tashabbus haqida shunday deydi:

“Ishonish qiyin albatta. Biz musulmonlar bu kunning umummamlakat bayrami sifatida nishonlanishini emas, e’tiqodimiz, dinimiz AQSh xalqi tomonidan xolis tushunilishini istaymiz. Jamoatchilikka islom allaqanday bosqinchi din emas, balki tinchlikni ko’zlovchi, ma’naviyatga yetaklovchi din ekanini yetkazishni xohlaymiz”.

Mavzu yuzasidan e’tirozlar yo’q emas. Huquqshunoslar fikricha, ta’lim maskanlarining asosiy vazifasi – bilim berish. Ana shuni yoddan chiqarmagan holda studentlarning diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadga muvofiq.

XS
SM
MD
LG