Breaking News

AQSh Rossiya bilan har tomonlama til topishish umidida


AQSh va Rossiya diplomatlari va mudofaa rasmiylari shu hafta Moskvada uchrashadi. Amerika Kreml bilan anchadan beri tarang aloqalarni yumshatish umidida.

AQSh delegatsiyasi Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov va Mudofaa vaziri Anotoliy Serdyokov bilan uchrashadi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays (Condoleezza Rice) va Mudofaa vaziri Robert Geyts (Robert Gates) prezident Vladimir Putin bilan uchrashadi. Putin yaqinda “Yedinaya Rossiya” partiyasi nomzodi sifatida parlament saylovlarida ishtirok etishga rozi bo’lgan.

Agar partiya 2 dekabrda bo’lib o’tadigan parlament saylovlarida g’alaba qozonsa, Putin prezidentlik muddati tugagach bosh vazir lavozimini egallashi mumkin.

AQShning Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha bosh diplomati Daniel Fridning (Daniel Fried) aytishicha Putinning bu qaroriga rasmiy Vashington befarq emas.

"Rossiya taqdiri uning xalqi qo’lida. Biroq Rossiya kelajagi AQSh uchun muhim. Davlat kotibasi Kondoliza Rays Putin bilan uchrashganda, bu masalaga AQSh munosabatini ochiq aytadi, ya’ni fuqarolik huquqlari hurmat qilinishi tarafdori ekanimizni. Bu andisha qiladigan masala emas",- deydi Frid.

AQSh Rossiya demokratiya yo’lidan ketadi degan umidda.

"Demokratiya ovoz berish bilan cheklanmaydi. Qonun ustuvorligi, tolerantlik, demokratik institutlarga erkinlik berish va huquqni kafolatlash o’ta muhim omillar. Bu masalaga turlicha yondashish mumkin, biroq maqsad bir",- deydi Frid.

Rossiya AQShning Markaziy Yevropada raketa hujumlariga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish rejasiga qarshi. Putin nazarida AQSh bu bilan qurollar poygasini boshlab yuborishi mumkin.

Rossiya bu mudofaa tizimini AQSh bilan hamkorlikda Ozarbayjonda o’rnatishni taklif qilgan. AQSh taklifni olqishlagan biroq unga ko’nmasligi mumkin. Texnik va strategik sabablarga ko’ra, deydi Amerika rasmiylari.

Yana bir masala - Kosovo kelajagi. AQSh provinsiyaning Serbiyadan ajralib, mustaqil davlatga aylanishini istaydi. Biroq Rossiya nazarida Kosovo Serbiyaning ajralmas qismi.

XS
SM
MD
LG