Mustaqil da'vogarlar saylov komissiyasi bilan uchrashgan


O’zbekistonda prezident saylovlari uchun ovoz berish uchastkalari tashkil etilmoqda. Prezidentlikka nomzodlar soni ham ko`paymoqda. Muxolifat nazarida esa saylovoldi jarayoni o’ta nodemokratik holda kechmoqda.

O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy uyushmasi vakillaridan iborat tashabbus guruhi prezidentlikka O`zbekiston inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov nomzodini ko`rsatgan.

Milliy uyushma raisi o`rinbosari, tashabbus guruhi faollaridan biri Gulnora Eshonxonovaning aytishicha Saidov fuqarolik ishlaridan xabardor va siyosiy jarayonlarga faol ishtirok etib kelayotgan kishi.

“Davlat miqyosida taniqli odam bo`lgani uchun ham bizning tashabbus guruhimiz shu nomzodni ko`rsatdi”, - deydi u.

Gulnora Eshonxonova saylovda barcha nomzodlarga teng imkoniyat yaratiladi degan umidda.

“U yog`i esa saylovchilarga havola, kimni ma`qul ko`rsa, shunga ovoz beradi”, - deydi Eshonxonova.

Mahalliy faollar esa Akmal Saidovni huquq himoyachisi sifatida salbiy baholaydi.

Ular fikricha Saidov yurituvchi huquq markazi mamlakatda inson huquqlari poymol etilayotganiga ko`z yumib kelmoqda.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov nazarida Saidov nomzodini ro`yxatga olib, saylovga demokratik tus berishga urinishmoqda.

“Mayli besh kishi emas, olti kishi bo`laylik deb… Karimov ruxsati bilan ham ro`yxatga olishi mumkin. Lekin bu baribir saylovni demokratik o’tishini ko`rsatmaydi”, - deydi Oripov.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi nomidan prezidentilikka da’vogarlar - Jahongir Shosalimov, Abdulla Tojiboy o’g’li va Adham Shoyimardonovlar Markaziy saylov komissiyasida uchrashuv o’tkazgan.

Abdulla Tojiboy o’g’lining aytishicha uchrashuvda batafslil ma`lumotlar olishga imkon bo`lgan. Nomzodlarga ro’yxatga olingan kundan boshlab yordam berilar ekan deydi u.

“Ungacha o`z kuchimizga ko`ra harakat qilishimiz kerak. Tashabbus guruhi xavfsizligini ta`minlash ham [saylov komissiyasi] vakolatiga kirmas ekan”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Shu yilning 23 dekabrida o`tishi kutilayotgan prezidenlik saylovida nomzodlar hozirga qadar 10 kishiga yaqinlashgan.

Kuzatuvchilar Markaziy saylov kommissiyasidan ro`yxatdan o`tishi mumkin bo`lgan real nomzodlar sifatida rasmiy partiya vakillari va hukumat doirasidan ko`tarilayotgan kishilarni qayd etishadi.

O`zbekiston Liberal-demokratalr partiyasi tomonidan amaldagi prezident Islom Karimov uchinchi muddatga ko`rsatigan. Mahalliy faollar bundan norozi.

Jumladan, tanqidchi shoir Yusuf Juma Karimovning saylovda qatnashishga haqqi yo’qligini aytib, O`zbekiston kontitusiyaviy sudiga ariza bergan.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi esa bu borada Adliya vazirligiga shikoyat qilgan.

O`zbekiston Demokratik kongressi tomonidan yaqinda tarqatilgan bayonotga ko’ra esa muxolifat prezident saylovida ishtirok uchun birlashgan holda bir nomzod ko`rsatishi yoki saylovni boykot qilishi kerak.

XS
SM
MD
LG