Amerikalik olim: O'zbekiston iqtisodiyoti o'smoqda, lekin muammo ko'p


Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo’yicha izlanuvchi amerikalik olim Martin Spekler fikricha, 2003 yildan buyon O’zbekistonda iqtisodiy ahvol yaxshilanmoqda. Biroq bu bilan janob Spekler muammolarga ko’z yumayotgani yo’q.

Indiana universitetida iqtisodiyotdan ta’lim beruvchi professor Markaziy Osiyo va xususan O’zbekiston iqtisodiyotiga doir qator ilmiy maqolalar muallifi. Ayni damda u “Avtoritar O’zbekistonda iqtisodiy islohotlar” sarlavhasi ostida yangi maqola yozmoqda.

Olimning aytishicha, O’zbekistonda iqtisodiyot 1996-2003 yillar davomida tushkunlikka tushgan va bunga konvertatsiyaning yo’qligi asosiy sabab bo’lgan. Jahon bozorida paxta va oltinning narxlari tushib ketgani yana bir sabab edi, deydi u. O’zbekiston hali yosh davlat bo’lgani bois, 1996 yilgacha kuzatilgan o’sishdan tushgan daromadni og’ir yillar uchun saqlab qo’ymagan, deydi Martin Spekler.

Amerikalik olim yana bir muammo haqida gapirdi.

"O’zbekistondan mutaxassislar chiqib ketmoqda. Chet tillarni biladigan, yosh, o’z kasbining ustalari O’zbekistonning o’ziga ham kerak. Agar hukumat iqtisodiy siyosatini o’ylab yuritganda edi, shu yoshlar qaytib kelib, mamlakat kelajagiga o’z hissasini qo’shgan bo’lardi," deydi u.

Professor Martin Spekler ishchi migratsiyasini katta muammo deb hisoblaydi. Globalizatsiya davrida uni tabiiy va ba’zi tomonlari bilan iqtisodiyotga foydali hol deb bilsa ham, o’zbekistonlik ishchi migrantlarning Rossiyada xo’rlanishini, u yerdan O’zbekistonga VICH/SPID kabi yuqumli kasalliklar olib kelishlarini, erkaksiz qolgan xonadonlarda og’ir ish ayollarga qolganini va ba’zi hollarda yolg’iz qolgan ayollar kamsitilayotganini salbiy hol deb biladi.

Professor Spekler nazarida iqtisodiyotning yanada rivojlanishiga korrupsiya halal bermoqda.

"Mamlakatda biznes muhitni yaxshilash orqali kichik va o’rta biznesni rivojlantirish kerak, biroq bu oson emas. Chunki O’zbekistonda bugungi vaziyatdan foyda ko’rayotgan manfaatdor doiralar mavjud."

"Iqtisodiyotni diversifikatsiyalashtirish, yangi sohalar va usullar kiritish lozim. Buning uchun meva va sabzavotlar, gullar eksportini yo’lga qo’yish kerak. Ispaniya, Marokash, Chili, Isroil va Meksikadan bu borada tajriba o’rganish kerak," deya o'z takliflarini kiritdi Spekler.

Uning nazarida buning uchun O’zbekiston havo yo’llari xizmatidan foydalanish kerak. Bu bilan ko’plab ish joylari yaratiladi.

"Qozog’istonda biznes qilish kerak. Raqobatni chetga surib qo’yib, qo’shni davlatning boy iqtisodiyotidan foydalanish kerak. Chunki Qozog’iston jug’rofiy jihatdan O’zbekistonga yaqin, o’zbekistonliklar qo’shnisining turmush tarzini, tilini biladi. Neftga boy davlatlar juda yaxshi bozordir," deydi mutaxassis.

Martin Spekler O’zbekistonda suv ko’p isrof bo’lishini ta’kidlab, suvni asrash bobida yangi loyihalarni amalga oshirish juda muhim, deydi.

XS
SM
MD
LG