AQSh qonunchilari: usmoniylar armanlarni qirgani - genotsid


AQSh Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi 1915-1923 yillar orasida usmoniy turklar tomonidan 1,5 million armanning qirib tashlanganini "genotsid" deb ta’riflovchi rezolyutsiya loyihasini ma'qullagan.

Loyiha endi Vakillar Palatasida ovozga qo'yiladi.

Turkiya prezidenti Abdulla Gul hujjatni qoralab chiqmoqda. Bush ma’muriyati hujjatning to’liq ovozga qo’yilib, qabul qilinishiga qarshi. Rezolyutsiyaning qabul qilinishiga amerikalik armanlar lobbichilik qilmoqda.

Turkiya esa Birinchi Jahon Urushi va undan keyingi davrda armanlarning o’ldirilishi hech qanday genotsid emas, balki Usmoniylar imperiyasining yemirilishi bilan bog’liq deb keladi.

Prezident Bush, bayonotida, arman xalqiga hamdardlik bildirgan, lekin qatliomni genotsid deb tan olish Turkiya bilan aloqalarga putur yetkazadi, deb ogohlantirmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays ham AQSh Yaqin Sharqda, xususan Iroqda o’z oldiga qo’ygan vazifalarni bajarishida Turkiyadek ishonchli hamkorga muhtoj, deydi.

Demokrat kongressmen Tom Lantosning aytishicha, qonunchilar oldida murakkab bir qaror turibdi. Bu tarixiy voqeani qoralab, arman xalqiga hamdardlik bildirish ketidan, mintaqadagi amerikalik harbiylar haqida ham o’ylash kerak, deydi kongressmen.

Respublikachi Den Barton esa AQShning azaliy ittifoqchisi – Turkiya bilan munosabatlar ahamiyatiga urg’u beradi.

Amaldagi hujjatni palata spikeri, demokrat Nensi Pelosi olg’a surmoqda. Pelosi xonim Kaliforniya shtatidan saylangan - AQShda minglab armanlar yashovchi hudud.

Demokratlar rezolyutsiya qabul qilingan taqdirda ham Turkiya AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo’lib qoladi degan fikrda.

XS
SM
MD
LG