O'zbekiston ziyolilari: arman dashnoqlari minglab qo'qonlikni qirgan


AQSh Vakillar Palatasi o’tgan asr boshida usmoniy turklar armanlarga qarshi genotsidni amalga oshirgan deb bayonot chiqarishi mumkin.

Masala hali palatada ovozga qo'yilmagan, lekin loyiha Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mitada ma'qullangan. Natijada AQSh-Turkiya aloqalari taranglashgan.

O`zbekiston matbuotida bu borada aniq munosabat ko`zga tashlanmaydi. Ayrim axborot vositalarigina Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziriligi va siyosatchilarining qarashlarini keltiradi.

Ozarbayjon Armanistonni bosqinchilikda, yillar davomida minglab ozarlarni o`ldirganlikda ayblab keladi.

O'zbekistonda omma masala haqida ko'p narsa bilmaydi. Ayrim ziyolilar Turkiston muxtoriyatining yakson qilinish davrida Qo`qonda armanlar tomonidan o`n minglab odamlarning qirilganini tilga oladi.

Tadqiqotchi Baxtiyor Isabek deydiki:

“Gap shundaki, Turkiyadagi voqealardan 2-3 yil o`tib, arman dashnoqlari Turkiston muxoriyatini yakson qildi, muxoriyat mag`lub bo`lgandan keyin Qo`qonda, Namanganda o`n minglab odamlar, go`daklarni yo’q qildi. Turkistondagi aholi Turkiyadagi voqealardan bexabar edi”, - deb ta’kidlaydi tilshunos olim.

Baxtiyor Isabek fikricha bugungi kunda ham o`zbek jamoatchiligi rus bosqinchilari va dashnoqlar armiyasi amalga oshirgan qirg`inlardan bexabar.

“Huddi sovet davridagidek, hozir ham to`siqlar qo’yilgan. Oqibatda aholi bu voqealardan bexabar. Hali ham bosmachilarni bosmachi sifatida tushunishadi. Bosmachilar – milliy ozodlik harakati, asosan rus bosqini va arman dashnoqlar uyushtirgan qirg`indan so`ng maydonga keldi”, - deydi Isabek.

Yozuvchi Zohir A`lam 1990-yillar matbuoti dashnoqlar amalga oshirgan qirg`inlar haqida yozishga jur’at etgan deydi.

“Bu haqda “Erk” partiyasi gazetasida maqola berilgan edi. Biroq maqolaning davomi bosilishini taqiqlab qo`yishgan. Jamoatchilik bu haqda hech narsa bilmaydi. Yetmish ming kishi [o'lgan], gazetada berilishicha”, - deydi Zohir A`lam.

Turkiya armanlarga nisbatan genotsid bo`lganini keskin rad etadi. Turkiya hukumati urushda 500 mingga yaqin arman qurbon bo`lgan deb hisoblaydi.

Armanlar va g’arb dunyosi esa bu raqam 1,5 milliondan ko’p deydi.

XS
SM
MD
LG