Prezidentlikka nomzodlarni ro'yxatga olish to'xtatildi


Muxolifatdagi, lekin O’zbekistonda tan olinmagan "Erk" partiyasi prezidentlikka o’z yetakchisi Muhammad Solihni ko’rsatgan. Partiya Markaziy saylov komissiyasidan Solihni ro’yxatga olishni so’ramoqda.

Lekin kommissiya bayonotiga ko’ra, prezident saylovida Oliy Majlisdagi besh siyosiy partiyadan chiqqan nomzodlar va bir tashabbus guruhi taqdim etgan nomzod ishtirok etadi.

Komissiya prezident saylovida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilish muddati tugaganini ma`lum qilmoqda. Arizalar topshirish saylovga yetmish kun qolganda 13 oktabr kuni yakunlangan.

O`zbekiston xalq demokratik partiyasi Asliddin Rustamovni, “Fidokorlar” Ahtam Tursunovni, “Adolat” partiyasi Dilorom Toshmuhammedovani, “Milliy Tiklanish” partiyasi Xurshid Do`stmuhammadni, Liberal-demokratlar partiyasi esa amaldagi prezident Islom Karimov nomzodini ko`rsatgan. Qonunan, Karimovning uchinchi muddatga nomzod bo'lishga haqqi yo'q.

Tashabbus guruhi tomonidan taqdim etilgan nomzod Akmal Saidov ham ro’yxatga olingan.

Saylov komissiyasiga ko'ra hozirda nomzodlar uchun imzo yig’ish kampaniyasi boshlangan.

Saylovda muxolifat vakillari va huquq himoyachilari ham tashabbus guruhlari orqali ishtirok etish niyatida edi. Komissiyaga ko’ra, ularning hech biri ro’yxatdan o’tish uchun murojaat qilmagan.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi tashkiliy guruhi vakili Hayitboy Abdullayevning aytishicha tashabbus guruhi yig`ilishini o`tkazishga ruxsat olish uchun saylov komissiyasiga qilingan murojaatga 8 oktyabr kuni ijobiy javob berilgan, biroq xat 12 oktabr kuni yetib kelgan.

“Javobda 300 kishidan iborat tashabbus guruhi tuzish mumkin deyilgan. Biz protokol tuzib, ertaga shuni o`tkazmoqchi edik. [Ro’yxatga olish] men o`qigan qonun bo`yicha 75 kun qolganda tugashi kerak edi. Xat 8 oktabrda yozilgan, konvertni 12 oktabrda olib kelib berishdi. Xatomi, o`yinmi, bir narsa bo`layapti bu yerda”, - deydi Hayitboy Abdullayev.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili, prezidentlikka nomzodligini bildirgan Abdulla Tojiboy o`g`li ham tashabbus guruhini ro`yxatga olish uchun ariza berolmagan.

“Sabab, [komissiya] biz bilan uchrashishni paysalga solib kelgani va shahar hokimiyatidan tashabbus guruhi yig`ilishini o’tkazish uchun bino ajratish, xavfsizlikni ta’minlash haqida yozilgan arizalarga javob olinmagani”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

“Erk” bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha partiya prezident Karimovga maktub yo'llab, o`z konstitutsiyaviy vakolatlari tiklanishini, shuningdek, saylovda partiya lideri Muhammad Solih nomzodi bilan ishtirok etishni talab qilmoqda.

“Bu murojaatga salbiy javob bo`ldigan bo`lsa, biz bu masala yechimini hal etish uchun xalqqa murojaat qilamiz. Prezidentning iste’fosini talab qilamiz”, - deydi Otanazar Oripov.

Saylovda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojjat qilish samarasiz, deydi Oripov, shuning uchun ham O`zbekiston prezidentiga murojaat qilingan.

XS
SM
MD
LG