Bush Turkiyani Iroqqa kirmaslikka chaqirmoqda


Rasmiy Vashington Turkiyaning Iroq shimolidagi operatsiyasi Iroqdagi ahvolni yanada beqarorlashtiradi, deya xavotir bildirmoqda. AQSh rasmiylari Turkiyani bunday yo’ldan qaytarishga urinish uchun Anqaraga borgan. Biroq 20-asr boshida Usmoniylar imperiyasida armanlarga qarshi qirg’inni genotsid deb tamg’alovchi rezolyutsiya loyihasining AQSh Vakillar palatasida ovozga qo’yilish ehtimoli Bush ma’muriyati uchun qator qiyinchiliklar tug’dirmoqda.

Turkiya hukumati genotsid bo’lmagan, armanlar Birinchi jahon urushida turklar kabi halok bo’lgan deb keladi.

Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha rezolyutsiya qabul qilinsa AQSh harbiylari Turkiya hamkorligidan ayrilishi mumkin. Biroq palata spikeri Nensi Pelosi qarori qat’iyligini ta’kidlaydi.

"Bu – palata rezolyutsiyasi, yuridik kuchi yo’q. 23 davlat shunday bayonet qabul qilgan. Biz 24-si bo’lamiz. Genotsid ro’y berishda davom etmoqda," deydi Pelosi Ruanda va Darfurni nazarda tutib.

Vakillar palatasidagi nufuzli respublikachilardan biri, Jon Bonerning aytishicha, 90 yil burun bo’lgan voqealarga siyosatchilar emas, tarixchilar baho berishi kerak.

Turkiya Vazirlar Mahkamasi parlamentdan Iroq shimolida kurd jangarilariga qarshi harbiy harakatlarni boshlash uchun ruxsat so’ramoqda.

Rasmiy Anqara fikricha, AQSh va Iroq harbiylari shimolda jangarilar inini yo’qotishga bel bog’lamaganidan so’ng Turkiyaning o’zi tashabbusni qo’lga olgan.

XS
SM
MD
LG