Breaking News

AQSh afg'on politsiyasini tayyorlashga milliardlab dollar sarflamoqda


AQSh matbuotiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Afg’oniston politsiyasini mustahkamlash uchun 2,5 milliard dollar mablag’ ajratgan.

Mamlakat ichki ishlar xodimlaridan 72 minggi qayta tayyorgarlikdan o’tkaziladi.

Afg’oniston politsiya uchastkalarida ikki mingdan ortiq amerikalik va yevropalik maslahatchilar ish boshlaydi.

AQSh rasmiylari nazarida Tolibonni yengish va aholi ko’zida korrupsiyaga botgan Afg’oniston hukumatiga ishonchni tiklashning eng yaxshi yo’li – politsiya tizimini mukammallashtirishdir.

Korrupsiya, qoradori savdosi va qonunsizlik Tolibondan ham xavfliroq tahdid deb ko’riladi. Yil boshida Afg’oniston korrupsiyaga qarshi kurash idorasi rahbari etib Izzatulla Vasifi tanlangani tanqid ostida. Amerikadan ko’chib borgan Vasifi 20 yil avval geroin sotayotib qo’lga tushgan.

Xalq orasida prezidentning akasi Ahmad Vali Karzayning ham qoradori biznesiga aloqadorligi haqida mish-mishlar tarqalgan. Shunchalikki, G’arb rasmiylari uning mamlakatdan chiqib ketishini so’ragan. Lekin dalil-isbot yo’q.

Afg’on politsiyasini tayyorlash dasturi 2005 yili AQSh Mudofaa vazirligiga yuklatilgandan beri ancha kengaygan. Ko’p pul ajratilgan. Amerikalik harbiy maslahatchilar safarbar etilgan, lekin hamon yetarli emas.

O’tgan oy Afg’oniston janubi-sharqida o’tkazilgan izlanishlarga ko’ra, politsiya idoralarida ro’yxatda ismi bo’la turib, lekin xizmatda bo’lmagan zobitlarning maoshi qo’mondonlar cho’ntatiga tushishi oddiy hol. Prezident Karzay shunday rahbarlarning 11 nafarini ishdan olgan.

XS
SM
MD
LG