Amerika talabalari vatan tarixini bilmaydi


AQShdagi Kollejlararo Tadqiqot Instituti mamlakatning 50 eng nufuzli ta’lim dargohidan 14 ming talabani sinovdan o’tkazgan. Xulosa quyidagicha:

1. Bakalavriat va magistratura talabalari Amerika tarixi, hukumati, xalqaro aloqalar va iqtisodiyot haqida tushunchaga ega emas;

2. Obro’li va eng qimmat universitetlar yoshlarga tarix, siyosat va iqtisodiyotdan yaxshi bilim bermayapti;

3. Tarix, iqtisodiyot va siyosiy fanlar majburiy bo’lmagani uchun student bu fanlarni o’qimaydi.

Natijada u savodsiz, bilimi oqsoq mutaxassis, zaif fuqaro bo’lib yetishadi.

Xo’sh, tarixni bilish naqadar muhim? O’tmishda bo’lib o’tgan voqealarni bilishdan nima naf bor? Kelajakda bundan foyda tegishi mumkinmi?

Tadqiqotchi Josaya Bantingning nazarida:

“Amerika hamisha o’zini eng ilg’or mamlakat, taraqqiyot mash’ali deb kelgan. Biroq Qo’shma Shtatlar boshqa davlatlar bilan muloqot qilishi, ular bilan do’stona aloqa bog’lashi zarur. Buning uchun esa nafaqat vatan tarixini, balki o’zga davlatlar tarixini, madaniyatini o’rganish zarur”.

Hozir oliygohlarga kirayotganlar 1990-yillar boshida tavallud topgan. Ular Amerika inqilobi, Amerika fuqarolik urushi, qullikning tugatilishi, xalq qahramonlaridan bexabar. Afsuski, universitet va kollejlar ham bu borada yaxshi bilim bermayapti deydi Josaya Banting.

“Universitetda tarix fani majburiy bo’lishi kerak. Talabaning ixtisosligi qanday bo’lishidan qat’iy nazar u ham vatan tarixi, ham jahon tarixini kamida ikki yil davomida o’rganishi shart. Sir emas, so’nggi yillarda AQSh jahon sahnasida nufuzini boy bermoqda. Chunki amerikaliklar orasida xorij tillari, madaniyati va tarixini biladiganlar kam. Bunga intilish ham yo’q. Shuning uchun AQSh talabasi tarixni o’qishi kerak deb hisoblayman”.

Tarix fani muhokama qilinar ekan, darsliklar mavzusini chetlab o’tish qiyin. Qo’shma Shtatlarda yuzlab millat va elat vakillari yashaydi. Har birining o’z dunyoqarashi, pozitsiyasi va milliy g’ururi bor. O’tmish haqida ham hammaning o’z talqini bor. Shunday ekan, tarix darsligiga nimani kiritish kerak yoki kerakmasligini kim hal qiladi?

Tarixchi olima Xaydi Rup:

“Har yili AQShda, umuman, boshqa davlatlarda olimlar yig’ilib, oxirgi 1 yil, 5 yil, 10 yilda bo’lib o’tgan voqealarni tahlil qiladi, sharhlaydi. Mutaxassislar ilmiy ishlar yozadi. Mana shu ma’lumotlar yaxlit tarzda analiz qilinib, haqqoniy yoki yo’qligi o’rganiladi. Ijobiy baho berilgach, nashriyotchi yetakchi olimlar tayinlab, darslikni yozishga kirishadi. Yakuniy matn boshqa olimlar guruhi tomonidan tekshiriladi. Jarayon 5-10 yilga ham cho’zilishi mumkin”.

Talabalar o’qiydigan kitoblarni hukumat yoki institute emas, ularning domlalari tanlaydi. Nashriyotchilar o’z adabiyotlarini aynan o’qituvchilar uchun reklama qiladi… Yaxshi tarix kitobi deganda nima nazarda tutiladi? Kollejlararo Tadqiqot Instituti rasmiysi Josaya Banting ta’biricha:

“Tarix kitobi xolis va qiziqarli qilib yozilishi, unda ko’proq asl hujjatlar dalil sifatida keltirilishi zarur. Ya’ni talabaga tarixiy shaxslarning maktublari, hujjatlari va qo’lyozmalarini ko’rsating. Oddil misol, farzandingiz pianino chalishni o’rganmoqda. Unga zamonaviy barmoq mashqlarini emas, balki boshidanoq Betxoven, Bax, Rahmaninov kabi kompozitorlarning oddiy, jo’n asarlarini bergan ma’qul”.

Tarixni o’datda g’olib davlatlar yozadi degan gap bor. Lekin har bir xalq tarixni o’zicha biladi, unga o’zicha ishonadi. Amerikaga o’qishga kelayotgan yoshlar odatda “Bizning tarix bunday emas-ku”! yoki amerikaliklar uni yoki buni bilmas ekan deb hayron bo’ladilar.

Tarixchi olimlar nazarida esa tarix hammaning umumiy mulki- insoniyat o’tmishi. Inson kecha nimani boshdan kechirganini bilmasdan ertangi kunni rejalab bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG