Amerika Ovozi muxbiri Alisher Soipov O'shda otib o'ldirilgan


"Amerika ovozi"ning Qirg’izistondagi muxbiri Alisher Soipov bugun O'shda otib o’ldirilgan. Qotil qochishga ulgurgan.

Noma'lum kishilar tomonidan amalga oshirilgan hujum paytida Alisher bilan birga Qirg’iziston prezidenti devoni qoshidagi Strategik tadqiqotlar instituti xodimi Iqbol Mirsaitov bo’lgan. Unga zarar yetmagan. Hozirda ichki ishlar boshqarmasi tomonidan so'roq qilinmoqda.

Alisher "Amerika Ovozi"ga 2001 yildan beri ishlab kelar edi. O'zbek xizmatining butun Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi muxbiri edi.

"Biz bu fojianing to'liq tergov qilinishiga chaqiramiz",- deydi Jeyms Glassman (Jeyms Glassman) "Amerika Ovozi" va u kabi AQSh Kongressi tomonidan moliyalanuvchi radio va televideniyelar boshqaruv kengashi raisi.

Alisher siyosiy maydondagi muhim o'zgarish va jarayonlar, inson huquqlari, korrupsiya va yulg'ichlik, saylovlar va saylovoldi kayfiyati hamda iqtisodiy muammolarni keng yoritib kelgan.

"Professional jurnalist kasbi uchun jon berdi",- deydi Den Ostin (Dan Austin) "Amerika Ovozi" direktori. "Tashkilotimiz Alisher Soipovning dahshatli o'limidan chuqur qayg'uda. Ammo Qirg'iziston va butun Markaziy Osiyodagi muhim o'zgarishlarni yoritishda davom etamiz".

Alisher o'zining dangal va xolis savollari, faolligi bilan va doimo yangilik izlovchi jurnalist sifatida tanilgan.

Alisher Markaziy Osiyodagi boshqa mustaqil jurnalistlar singari doimiy tazyiq ostida ekanini yashirmas edi. Siyosiy doiralar vakillari va xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan kuzatilayotganini bildirib kelar edi.

Alisher "Amerika Ovozi" dan tashqari "Ferghana.Ru" axborot va tahlil sahifasi bilan ham ishlardi. Shuningdek, "Valley Media Group" degan informatsion tshkilot rahbari edi.

Alisher o'zbek tilidagi "Siyosat" gazetasiga ham asos solgan.

Alisher 26 yoshda edi. O'tgan yili uylangan va yaqinda ota bo'lgan edi. "Amerika ovozi" muharririyati uning ota-onasi va oilasiga o'z hamdardligini bildiradi.

XS
SM
MD
LG