Qirg'izistondagi o'zbeklar parlament saylovlariga tayyorlanmoqda


Qirg’izistonda konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilingach, kutilganidek, prezident parlamentni tarqatib yubordi.

AQSh hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti referendumda qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilganini ta’kidlaydi.

Yangi parlamentga saylovlar shu yil 16 dekabrga belgilangan.

Qabul qilingan konstitutsiyaning yangi tahririga muvofiq, bu safar Qirg’izistonda parlament saylovlari bir mandatli okruglardan emas, balki partiya ro’yxatlari asosida o’tadi. A’zolari soni parlamentda ko’pchilikni tashkil etgan partiya hukumatni shakllantiradi.

Aholisi 5 milliondan sal ko’proq Qirg’izistonda qariyb 1 million o’zbek yashaydi. Mamlakatdagi o’zbek jamoatchiligi vakillari parlamentga 1997 yilda “Xalq birligi va birdamligi” nomi ostida ro’yxatga olingan.

Kelgusida nomi “Vatan” (“Rodina” – Qirg’iziston Adliya vazirligida ruscha nom bilan ro’yxatga olingan) deya o’zgartirilgan partiyaga birlashish orqali saylanishni rejalashtirmoqda.

“Vatan” partiyasi raisi A’zamjon Akbarovning aytishicha, partiyaga nafaqat o’zbeklar, balki boshqa millat vakillari ham a’zo bo’lgan.

Avvalgi parlamentda o’zbeklar 7 nafar edi. Qirg’iziston parlamentining sobiq deputati Inom Abdurasulov “Vatan” partiyasi mamlakat rivoji uchun xizmat qilishi zarurligini aytadi.

Ayni paytda “Vatan” partiyasi safida 7 mingga yaqin a’zo bor.

Partiyaning O’sh viloyati bo’yicha muvofiqlashtiruvchisi Muhammadrasul Abaqjanovning so’zlariga ko’ra, bugun o’z manfaatidan xalq manfaatini ustun qo’yadigan fidoiylar kerak. “Vatan” partiyasiga, uning aytishicha, shunday insonlar a’zo.

“Vatan”, deydi partiya raisi A’zamjon Akbarov, xalq qo’llovi bilan hokimiyatga kelishga urinmoqda. Buning uchun Qirg’izistonning o’zbeklar zich yashaydigan viloyat, shahar va tumanlarida partiya bo’limlari ochilgan, ayni paytda tashviqot ishlari olib borilmoqda.

“Hokimiyat uchun kurash esa har qanday partiyaning bosh maqsadidir”, - deydi A’zamjon Akbarov.

XS
SM
MD
LG