Alisherning o'limi yuzasidan tergov jim


Bugun Qirg’izistondagi muxbirimiz Alisher Soipovning o’ldirilganiga uch kun bo’ldi. Ikki kundan buyon tergov ishlari olib borilmoqda, biroq haligacha hattoki dastlabki natijalar ham ma’lum emas. Qirg’iziston jurnalistlari hukumatdan jinoyatni fosh etishni talab qilmoqda.

O’sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqovning aytishicha, kecha Alisher dafn etilgandan so’ng 15 nafar jurnalist xavfsizlik xizmatining O’shdagi boshqarmasi idorasiga borib, jinoyatni tez fosh qilishga chaqirgan.

Hulkar ismli o’shlik jurnalistning aytishicha, bugun namoyish Bishkekda ham bo’lgan. Jurnalist va huquq himoyachilaridan tashkil topgan 50 ka yaqin namoyishchi yenglarida qora mato, gullar va Alisherning suratini ushlab turgan. Namoyishdan so’ng yenglaridagi lentalarni vazirlik binosi to’siqlariga bog’lab ketishgan. Ularning yoniga vazirlikning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bosh boshqarmasi rahbari Melis Turg’unboyev chiqqan.

O’shlik jurnalistning aytishicha, tergov guruhi ayni damda qotillikning ikkita ehtimolini o’rganmoqda. Birinchisi Alisher Soipovning professional faoliyatiga bog’liqlik, ikkinchisi esa jinoiy guruhlarning qotillikka aloqadorligi.

"Bir necha soat burun Qirg’iziston Davlat kotibi Otaxon Madumarov bilan uchrashdik," deydi o’shlik jurnalist. "U hozircha qotillik bo’yicha aniq bir narsa deyolmasligini aytgan. Tergov davom etmodqa. Tez kunlarda dastlabki natijalar ma’lum bo’ladi. Tergovni o’tkazish uchun O’shga ichki ishlar vazirining o’rinbosari Omurbek Subanaliyev borgan," deydi jurnalist.

Ma’lumotlarga ko’ra, jinoyat paytida Alisher Soipov bilan bo’lgan do’sti Iqbol Mirsaitov xavfsizlik kuchlari tomonidan qo’riqlanmoqda va u bilan aloqaga kirish hozircha mumkin emas.

Jinoyat sodir etilgan kun Alisherni so’nggilardan ko’rgan jurnalist Shohida To’laganovaning aytishicha, uni Qirg’izistondan chiqarmaslik haqida ko’rsatma berilgan. Shohida To’laganova Londonda istiqomat qiladi va Alisher bilan ham do’stona, ham professional aloqada bo’lgan.

Shohida To’laganovaning aytishicha, Britaniya konsuli unga yordam berish uchun chaqirtirilgan.

Alisher Soipov bilan yaqindan hamkorlik qilgan, Alisher kabi O’zbekiston matbuoti tomonidan bir necha bor tanqid qilingan, ayni damda Germaniyada yashayotgan jurnalist Galima Buxarbayeva Alisherning o’limida O’zbekiston xavfsizlik kuchlarining qo’li bor, deya gumon qilmoqda.

"So’nggi paytlarda Alisher ijodining asosiy qismini O’zbekistondagi vaziyatga bag’ishlar edi va bu bilan rasmiy Toshkent asabiga tegardi. O’zbekistondan chiqqan hech bir jurnalist qo’shni davlat fuqarosi bo’lgan Alisherchalik O’zbekiston matbuoti tanqidiga uchramagan," deydi Galima.

Alishersiz information bo’shliq ancha kambag’allashdi, deydi u.

Galima Buxarbayeva Qirg’iziston adliyasi tergovni xolis olib borishiga ishonmasligini aytadi.

"Tergov guruhi jinoyatda rasmiy Toshkentning qo’li borligini aniqlagan taqdirda ham, Qirg’iziston adliyasining tergov natijalarini e’lon qilishga siyosiy irodasi yetishmaydi," deydi Galima Buxarbayeva.

XS
SM
MD
LG