AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo'ymoqda


AQSh Eron mudofaa vazirligini va Inqilobiy gvardiyasini ommaviy qirg’in qurollarini tarqatayotganlikda ayblab, mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar qo’ygan. Maqsad – Eronni yadro dasturidan voz kechishga ko’ndirish.

Rasmiy Tehron sanskiyalarni tanqid ostiga olib, ularni “bema’ni” va xalqaro qonunlarga zid deb ta’riflamoqda. AQSh sanksiyalari ilk bor muayyan bir chet davlatning armiyasini nishonga olmoqda. Shuningdek, Eron hukumatiga tegishli uch katta bank faoliyatiga ta’qiq qo’yilgan.

Rasmiy Vashington nazarida, Eron Inqilobiy gvardiyasi qurol-yarog’ tarqatish bilan shug’ullanadi. Bu gvardiyaning Quds brigadasi esa, Amerika rasmiylarining aytishicha, Hizbulloh va Tolibonga yordam berib keladi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Erondan xalqaro talablarga quloq tutib, yadro dasturidan voz kechishni so’ramoqda.

"Eronga yordam berish va’damizdan qaytganimiz yo’q. Shartlar bajarilsa, Eron rasmiylari bilan uchrashib, har qanday mavzuni muhokama qilishga tayyormiz", - deydi Kondoliza Rays.

Yangi sanksiyalarga muvofiq, AQSh fuqarolari va kompaniyariga Eron banklari bilan ishlash man etiladi.

AQSh Moliya vaziri muovini Stuart Levi xalqaro tashkilotlarni, hukumatlarni Eron bilan ishlamaslikka da’vat etmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShning Eronga yangi sanksiya qo’yish qarorini tanqid ostiga olgan.

XS
SM
MD
LG