Avtoritar tizimni kuchaytirayotgan Rossiya O'zbekistonga suyanchiq


O’zbekistonlik kuzatuvchilar fikricha, mamlakatda demokratik o’zgarishlar ko’p jihatdan Rossiyadagi siyosiy vaziyatga bog’liq.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin dekabrda kutilayotgan parlament saylovlarida “Yedinaya Rossiya” partiyasi yetakchisi sifatida ishtirok etishini ma’lum qilgan. Siyosatshunoslar Putin bosh vazir sifatida hukumatda qolishi, hatto mamlakat konstitutsiyasiga o`zgartirishlar kiritilib, bosh vazir vakolatlari kengaytirilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Ta`kidlarga ko`ra, O`zbekistondagi siyosiy tuzum Rossiya siyosati bilan bog’liq.

Demokratik tashabbuslar markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov Putin siyosatining asoslari haqida gapirar ekan, asosiy maqsadi Rossiya imperiyasini tiklash ekanini ta`kidlab o`tadi.

“Putin atrofida faqat KGB odamlari. Davlat tepasiga ulardan boshqa odam kelmaydi. Bu odamlar totalitar rejimni qo`llab-quvvatlagan, shu rejimda ishlab o`rgangan. Demak, hech qanday o`zgarishlar bo`lmaydi. Putin bosh vazir bo`lganda ham ahamiyatga ega emas. U Yedinaya Rossiya orqali o`zining siyosati o`zgarmasligini kuzatadi”, - deydi Xudoyberganov.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha Rossiya pozitsiyasi energetik zahiralarga boy mintaqani imkon qadar o`z ta`sir doirasida ushlab qolishdan iborat.

“Mintaqaning qudratli davlatlar bilan, jumladan AQSh bilan yaqinlashishi hamisha xavotir bilan qabul qilingan, va shundayligicha qolmoqda”, - deydi u.

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaziyatda mintaqa Rossiya ta`siri ostida – neft-gaz transportirovkasi hamon Rossiya orqali amalga oshiriladi. Bu Rossiya tashqi siyosatiga, jumladan Yevropa bilan energetik munosabatlarida bir qator afzalliklar berish bilan birga mintaqa davlatlarining imkoniyatini ham cheklamoqda.

Farhod Tolipov nazarida Rossiyaning mintaqaga nisbatan siyosatiga qanday pozitsiyada bo`lish O`zbekistonning o`ziga ham bog`liq.

“Rossiya bilan aloqalar yaxshi bo`lib, siyosat ularga burilsa, AQSh bilan aloqalar to`xtadi – bu noto’g’ri holat. Rossiyaning o`zini o`rni bor tashqi siyosatimizda, AQShning o`z o`rni bo`lishi kerak. Hech qachon bir aloqa ikkinchisi uchun qurbon qilinishi kerak emas”, - deydi siyosatshunos.

Sharhlovchilarning ta’kidlashicha O’zbekistondagi mavjud rejim Rossiyaga suyanmoqda. Putun siyosati esa faqat rejimni qo`llab-quvvatlash bilan kifoyalanmoqda.

“Agar Rossiya demokratiya tomon yuradigan bo`lsa, bizdagi totalitar rejim o`zidan o`zi yo`q bo`ladi. Chunki bizdagi rejim Rossiyaga ishonayapti, bu judda katta ahamiyatga ega. Rossiya O`zbekistondagi fuqarolik jamiyati to’g’risida, bu yerda bo`layotgan voqealar haqida umuman gapirmaydi”, - degan fikrlarni bildiradi Iskandar Xudoyberganov.

Uning aytishicha, Rossiya rejimni ochiq qo`llagan taqdirda ko`pchilikka bu narsa ravshan bo`lardi. Shu bois yashirin qo`llab-quvvatlab keladi.

Kuzatuvchilar ta’biricha, Rossiyada avtoritar tuzumning mustahkamlanayotgani, Kreml tomonidan imperial siyosat tiklanayotgani mintaqa davlatlari uchun xavotirli oqibatlarga sabab bo`lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG