Breaking News

Putinning hokimiyat tepasida qolishi taxmin qilinmoqda


Rossiyada parlament saylovlariga hali uch oy, prezident saylovlariga esa olti oy vaqt bor ekan, hokimiyat tepasiga Vladimir Putinning o’rniga kim kelishi haligacha noma’lum.

Konstitutsiyaga ko’ra, Putin qatorasiga uchinchi bor saylana olmaydi. U hokimiyat tepasida qolish uchun konstitutsiyani o’zgartirmasligini bir necha bor aytgan.

Biroq u dekabr oyidagi parlament saylovlarida “Yagona Rossiya” partiyasiga bosh bo’lishini va mart oyida prezidentlik vakolati tugagach, bosh vazir bo’lishi mumkinligi haqida gapirmoqda.

Tahlilchilar nazarida, Putinning “Yagona Rossiya” partiyasi bilan saylovlarda qatnashish istagini bildirishi partiyaning salmoqli g’alabasini ta’minlaydi. Bu esa quyi palata, ya’ni Duma yanada Kremlga yaqinlashishini anglatadi.

Karnegi jamg’armasining (Carnegie Endowment for International Peace) Moskvadagi sho’basi vakili Nikolay Petrovning aytishicha, Putin partiyasi 70 foizgacha ovoz olishi mumkin, bu esa raqib guruhlar imkoniyatlari yanada kichrayadi degani.

Putinning saylovlarda qatnashish qaroridan oldin Dumada to’rt partiya bo’ladi deb taxmin qilingan edi, biroq endilikda faqat ikkita yoki uchta partiyani ko’ramiz xolos, deydi Petrov.

”Boshqa Rossiya” deb nomlangan muxolif koalitsiya “Siyosiy partiyalar haqida”gi yangi qonun talablari asosida kerakli hujjatlarni taqdim etmagan deb saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olinmadi.

Koalitsiya yetakchisi, shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparovning aytishicha, uning harakati Dumaga o’tolmasa ham, uning o’zi prezident saylovlarida ishtirok etish niyatidan qaytmaydi.

Kasparovning prezidentlikka imkoniyatlari past. So’rov natijalariga ko’ra, Putinni rossiyaliklarning 80 foizidan ortig’i qo’llab-quvvatlaydi.

Kremlga aloqador tahlilchi Sergey Markovning aytishicha, Putin ko’p yutuqlarga erishdi. Odamlar hozir uning o’rniga Boris Yeltsin yoki Mixail Gorbachyovga o’xshagan rahbarning kelishidan cho’chiydi.

Tanqidchilar nazarida mamlakatda matbuot davlat nazorati ostida bo’lgani bois muxolifatning Kreml siyosatini tanqid qilishi samarasiz kechmoqda.

Vladimir Putin yaqinda hamma uchun kutilmaganda 66 yoshli Viktor Zubkovni bosh vazir etib tayinladi. Putinga sodiq odamlardan hisoblangan Zubkov shundan so’ng prezident saylovlarida qatnashishi mumkinligini ma’lum qilgan. Uch hafta o’tgach esa Putin bosh vazir bo’lishi mumkinligi haqida aytgan.

Xeritij jamg’armasining (Heritage Foundation) Moskvadagi idorasi tahlilchisi Yevgeniy Volkning aytishicha, Zubkov kuchsiz prezident, Putin esa kuchli bosh vazir bo’ladi. Konstitutsion o’zgartirishlar orqali bosh vazirning vakolatlari kengaytirilishi ham mumkin.

Bunday ssenariy, tahlilchilar nazarida hammaga – Rossiya jamoatchiligiga ham, G’arbga ham ma’qul. Hech bo’lmaganda, deydi ular, Rossiya qonunchiligini buzishga ehtiyoj bo’lmaydi va Putin 2012 yilda yana prezidentlikka saylanish imkoniyatiga ega bo’ladi.

XS
SM
MD
LG