Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bojxona bitimi imzoladi


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning bosh vazirlari Toshkentda uchrashib, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan mushtarak bayonot qabul qilgan.

Rossiya, Tojikiston, Qozog'iston, Qirg`iziston, Xitoy va O`zbekiston bosh vazirlari, shuningdek kuzatuvchi maqomiga ega davlatlardan vakillar qatnashgan. Yig`ilishda bojxona masalalarida yordam ko`rsatish haqida hujjat imzolangan.

Hujjatga ko'ra, maxsus guruh bojxonadagi ma`muriy, transport va tovar munosabatlarini muvofiqlashtiradi.

ShHTning 2008 yil byudjeti ma`qullangan. Bosh vazirlarning keyingi uchrashuvi Qozog`istonda o`tadi.

Sammit tugagach, Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi rahbari Ven Tzyabaoning O`zbekistonga rasmiy safari boshlangan.

Sinxua agentligi xabariga ko’ra, prezident Islom Karimov Xitoyning “uyg'ur bo’lginchilari"ga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlashini aytgan. Rasmiylar xavfsizlik, terrorizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashishga kelishib olgan.

Bundan tashqari, Farg`ona viloyatidagi yerlarning meliorativ holatini, viloyat hududidagi aholi punktlarida suv ta`minotini yaxshilash, temir yo`llarni ta`mirlash, Xitoyga 150 ming tonna paxta tolasi etkazish, banklar o`rtasida hamkorlik to’grisida shartnomalar imzolangan.

Mutaxassislar nazarida O`zbekiston o'z chegaralarida keskin nazorat joriy etgan va bojxona to’lovlari o`ta yuqori.

“O`zbekiston teng ravishda biror integratsion jarayonda ishtirok eta olmaydi. O`z chegaralarini berkitib tashlagan yagona mamlakat. Albatta, hozir boshqa davlatlar bilan siyosiy aloqalarni saqlab qolishga harakat qilayapti”, - deydi tahlilchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti iqtisodiy uyushma bo'lsa-da, ko'proq geosiyosiy masalalarga diqqat qaratmoqda.

Tashkilot va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo davlatlar o`rtasidagi hamkorlik, deydi tahlilchilar, NATOga qarshi yangi blok yaratish harakatidir.

Toshkentdagi yig’ilishda transport, telekommunikatsiya va savdo aloqalarini rivojlantirish hamda energetika ta`minoti kabi masalalar muhokama qilingan.

XS
SM
MD
LG