Amerikada o'qish uchun imkoniyatlar, talablar va ma'lumotlar


Bilim va ma’rifat inson hayotidagi eng ulug’ ne’matlardan. Insoniyatni taraqqiyotga yetaklovchi kuch. Dunyoning yetakchi bilim maskanlari bu ne’matni katta pul evaziga ulashadi.

Qo’shma Shtatlardagi yuzlab oliygohlar shu kunlarda kelasi yil uchun hujjat qabul qila boshlagan.

Namanganlik tinglovchimiz Jahongir yozgan maktubidan:

“Universitetga kirish imtihonlarining pulini nima orqali to’lash mumkin? Misol uchun TOEFL testi 145 dollar turadi. Uni qanday to’layman? Imtihondan o’ta olmasam, pul kuyadimi”?

Jahongir kabi AQShda o’qishni istaydigan yoshlar diqqatiga! Shu kunlarda Edmund Maski nomli dastur (Edmund S. Muskie Graduate Fellowship Program) orqali AQShda magistrlik darajasini o’qish uchun hujjatlar qabul qilinmoqda.

Uch bosqich, ya’ni anketa to’ldirish, TOEFL va GRE imtihonlari hamda suhbatdan muvaffaqiyatli o’tgan talabalar AQShda 2 yil bepul ta’lim oladi.

Hujjatlar 16 noyabrga qadar qabul qilinadi. Dastur shartlari AQSh elchixonasining veb-sahifasida: www.usembassy.uz.

TOEFL va GRE imtihonlarini mustaqil tarzda ham topshirish mumkin. Buning uchun maxsus sayt – www.ets.org sahifasida ro’yxatdan o’tib, test haqini to’laysiz.

Afsuski, test uchun pul to’lash oson emas. Ko’p hollarda, ayniqsa Internet orqali ro’yxatdan o’tsangiz faqat Visa, Master Card va American Express kartalari bilan to’lashingiz mumkin. Bu kartalar haqida O’zbekistondagi banklardan ma’lumot olishga harakat qiling. Ro’yxatdan o’tgach, Toshkentdagi Global Study markazi bilan bo’glanasiz. Batafsil ma’lumot www.study.uz veb-saytida.

Navbatdagi maktub muallifi Farhod Muqimov:

“Men 9-sinfda o’qiyman. AQShda tahsil olsam bo’ladimi”?

AQSHning Toshkentdagi elchixonasi 9-10 sinf o’quvchilari hamda kollej va litseylarning 1-bosqich talabalari uchun o’quv dasturi e’lon qilgan. Tanlovda g’olib chiqqan yoshlar AQShdagi maktabda 1 yil bepul o’qishi mumkin. Hujjatlarni 26 noyabrgacha topshirib ulgurish zarur. Barcha ma’lumotlar AQSh elchixonasi veb-saytida: www.usembassy.uz

Janubiy Koreyadan tahsil olayotgan Xurshid Sobirov “AQShda o’qish azaliy orzum” deydi:

“Hozir yoshim 23 da. Yana 2 yil Koreyada o’qishim kerak. Aytingchi, Amerika universitet yoki kollejlarida o’qishga kirishda yosh cheklanganmi?

Qo’shma Shtatlardagi universitetlarda tanlov shartlariga javob bergan odam, yoshidan qat’iy nazar bilim olishi mumkin.

Misol uchun, dunyoning eng keksa talabasi, 95 yoshli Nola Oks shu yil AQShning Fort Xays Universitetini (Fort Hays State University) bitirdi. Uning 13 nevarasi, 15 chevarasi bor.

Tinglovchimiz Akmal Odilovni jamoat kollejlari qiziqtiradi:

“Jamoat kollejlarida magistrlik darajasi beriladimi? Agar “ha” bo’lsa, tarix yo’nalishida o’qishning iloji bormi”?

Jamoat kollejlari qaysi sohani o’qishingizga qarab, 4 yillik oliy ma’lumot haqida diplom va 2 yillik o’quv kurslarini bitirganlik to’g’risida serfikat beradi.

Bu oliygohlarda talaba nisbatan arzon narxga dars oladi. So’ng yirik universitetlarda o’qishni davom ettiradi. Ta’lim jarayonida yuqoridagi fanlarni qayta o’qish kerak emas. Bu bilan talaba minglab dollar mablag’ tejaydi.

Yana bir muxlisimiz, Said Isayev shunday savol yo’llaydi:

“Bu yil o'qishdan yiqildim. Hozircha hech qayerda o'qimayotgan bo’lsam ham Fulbright dasturida qatnasha olamanmi? Yoki student bo'lishim shartmi?

AQShning sobiq senatori Vilyam Fulbrayt (William Fulbright) nomidagi ta’lim dasturi oliy ma’lumotli mutaxassislarga AQShda o’qish, o’qitish va izlanish imkonini beradi.

Ammo Fulbraytning AQShda strategik tillarni o’rgatish dasturi ham bor. Bu imkoniyatdan bakalavr darajasiga va ish tajribasiga ega yoshlar foydalanishi mumkin. Albatta, sizning filologiya va o’qitish metodlari haqida qanchalik xabardor ekaningiz tekshiruvdan o’tadi. Ingliz tilini bilish shart.

Fulbright dasturi haqida ma’lumot bayon etilgan internet manzillari:

www.fulbrightonline.org yoki AQShning O’zbekistondagi elchixonasi -www.usembassy.uz.

AQShda bilim olishga qiziqqanlarning savollariga har dushanba ushbu ruknimizdad javob berishga harakat qilamiz. Maktublarni uzbek@voanews.com da kutib qolamiz.

XS
SM
MD
LG