Pokistonda tartib o'rnatishga hali ham kech emas


Pokistonda konstitutsiya vaqtincha bekor qilinib, favqulodda vaziyat e’lon qilinganidan beri namoyishlar davom etmoqda.

Sobiq bosh vazira va Pokiston Xalq Partiyasi yetakchisi Benazir Bhutto Ravalpindi shahrida norozilik namoyishi o’tkazmoqchi. Mintaqa tahlilchilari fikricha, mamlakatda tartib o’rnatishga hali ham kech emas.

Rasmiy Vashington ayni paytda Islobomodga beradigan moliyaviy yordamini qayta ko’rib chiqmoqda. 2001 yildan beri AQSh Pokistonga deyarli 10 milliard dollar bergan.

“Yordamni ehtiyotkorlik bilan qirqish kerak, toki Pokiston xalqi bundan zarar ko’rmasin. Ta’limiy dasturlarga ko’proq pul ajratish, qurol-yaroq uchun esa kamaytirish lozim,” – deydi AQShning Pokistondagi sobiq elchisi Vendi Chemberlin.

Pokiston Oliy Sudi aslida Musharraf qayta prezident bo’la oladimi-yo’qmi – yaqin kunlarda bu borada qaror chiqarishi kutilgan edi. Lekin Musharraf qaror uning foydasiga bo’lmasligidan qo’rqib, harbiy holat e’lon qildi; prezident shu yo’l bilan hokimiyatda qolmoqchi, deydi tanqidchilar.

Musharraf buyrug’i bilan Oliy Sud raisi va mustaqil sudyalar ishdan olingan. Politsiyaga namoyishlarni to’xtatish buyurilgan. Xususiy ommaviy axborot vositalari yopilgan.

“AQSh Pokistonda qonun ustivorligi tiklanishini talab qilishi lozim. Deylik, muayyan bir kunda siyosiy mahbuslar ozod etilsin, axborot vositalari qayta ochilsin va saylov kuni belgilansin,” - deydi tahlilchi Daniel Marki.

G’arb hukumatlari Musharrafni armiya lavozimidan ketib, parlament saylovlarini, rejalanganidek, yanvar oyida o’tkazishga chaqirmoqda.

“Prezident Musharraf saylovlar o’tkazishga va’da bergan. Uning ustidan chiqadi degan umiddamiz,” - deydi AQSh Davlat departmenti vakili Shon Makkormak.

Musharraf qarorlariga qarshi chiqayotganlar asosan – adkovatlar, jurnalistlar va huquq faollari. Siyosiy partiyalar nisbatan jim. Prezidentning asosiy raqibi, sobiq bosh vazira Benazir Bhutto Musharrafni tanqid qilib, o’z tarafdorlarini namoyishga chiqishga undagan.

AQShning Pokistondagi sobiq elchisi Vendi Chemberlin Bhutto va Musharraf koalitsiya tuzishi kerak degan fikrda. Benazir Bhuttoning partiyasi eng katta partiya va turli tabaqa vakillarini o’z ichiga oladi.

Musharraf uzoq muddatli harbiy holat qanday oqibatlarga olib borishini tushunadi deydi mutaxassislar. Ular fikricha prezident 2-3 hafta ichida qarorini bekor qiladi.

XS
SM
MD
LG