Afg'onistonda xorijiy jangarilar faollashmoqda


Mutaxassislar nazarida, Afg'onistonda xorijiy jangarilar faol harakat qilmoqda. “Nyu-York Tayms” gazetasining afg’on va AQSh rasmiylari ma’lumotiga tayangan holda yozishicha, Pokiston, O’zbekiston, Checheniston, ba’zi arab mamlakatlari, Turkiya va Xitoy g’arbidan Afg’onistonda Tolibon safiga qo’shilish uchun odamlar kelmoqda.

Ular Tolibondan ham vahshiyroq, ularni nazorat qilish mushkul, deydi Afg’oniston va Pokiston rasmiylari. Gazetaga ko’ra, bu Pokistonda huquq-tartibot organlarining ishi susayganidan dalolat. Ayniqsa Pokistonning qabilaviy hududlarida.

Toliblarning aniq soni haligacha ma’lum emas, deb yozadi “Nyu-York Tayms.”

Ayrimlar 10 mingta desa, boshqalar eng faol toliblar soni 2000-3000 atrofida deydi. G’arb diplomatlari nazarida Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibon bilan muzokara olib borish taklifini o’rtaga tashlash bilan toliblar safidan mo’tadillarini ajratmoqchi va harakatni bo’lib qo’ymoqchi.

“Nyu-York Tayms” gazetasi 23 yoshli qozog’istonlikning suratini chop etgan. Muhammad Qo’ziboyevning aytishicha, u Afg’onistonga sayyoh bo’lib borgan, biroq keyinchalik jangarilar uni o’g’irlab, al-Qoidaga qo’shilishga majbur qilgan. Afg’on rasmiylarining aytishicha, Qo’ziboyev bomba yasash bo’yicha mutaxassis bo’lgan.

BMTning Afg’onistondagi vakili o’rinbosari Kristofer Aleksandrning gazetaga bildirishicha, xorijiy jangarilar Pokiston bilan chegaradosh hududlarda yashiringan yosh toliblarni qo’llab-quvvatlamoqda.

Tolibonning Kvetta shahrida joylashgan yoshi ulug’roq rahbarlarining esa ta’siri susaymoqda. Afg’oniston janubida asosan Pokistondan chiqqan jangarilar, sharqida esa arab va o’zbek jangarilari faol harakat qilmoqda.

Gazeta Kobulda hibsga olingan rus talaba haqida ham yozadi. Uning so’roq paytida aytishicha, asli Sibirdan, islom dinini qabul qilib, bir yil oldin islomni chuqurroq o’rganish uchun Pokistonga borgan, so’ng Vaziristonda terrorchilar lagerida tayyorgarlikdan o’tgan.

BMT Bosh Assambleyasi Afg’onistonda zo’ravonlik va terrorchilar harakatlari kuchayayotganini qattiq qoralab rezolyutsiya qabul qildi. Unda xalqaro hamjamiyatning mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash va qayta qurish ishlarini davom ettirishi o’ta muhim deb ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG