Breaking News

AQSh Yaqin Sharqni tinchlik yo'lida murosa qilishga undamoqda


Qo’shma Shtatlar shu oyda Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha xalqaro anjuman o’tkazmoqchi. Unda Isroil-Falastin mojarosi va Falastin davlatchiligining kelajagi muhokama qilinadi. Falastin va Isroil AQSh tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan xalqaro tinchlik rejasi tamoyillariga rioya qilishini bildirgan.

Xalqaro tinchlik rejasi 2003 yili AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan. Isroil va Falastin rejaning dastlabki talablariga rioya qilmagani sabab tashabbus joyidan jilmagan.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays murosa muvaffaqiyatning asosiy omili deydi.

"Qo’shma Shtatlar Isroil va Falastin o’rtasidagi ikki tomonlama muloqot va kelishuvlar o’rnini bosa olmaydi, biroq bizdan yordam so’ragan har bir tomonga ko’maklashishga tayyormiz," deydi Rays.

AQSh homiyligidagi anjuman Merilend shtatining Annapolis shahrida o’tkaziladi.

Londondagi Qirol kollejida Yaqin Sharq siyosati bo’yicha ta’lim beruvchi Yezid Soyihning aytishicha, Falastinda Xamas va FATX o’rtasidagi nizo tinchlik harakatlariga putur yetkazgan. Falastinda siyosiy tizim ishdan chiqqan. Ikkala guruh hukumatni tiklashga qodir emas, deydi professor Soyih.

Xalil Shikoki G’azoning Ramalloh shahridagi siyosiy tahlil markazi direktori. Uning aytishicha, markaz o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, falastinliklarning uchdan ikki qismi Isroil bilan tinchlik bitimi tuzish mumkinligiga ishonmaydi; to’rtdan uch qismi esa kelasi besh yil ichida Falastin davlati barpo etilishiga ko’zi yetmaydi.

"Falastinliklar ruhan tushkunlikka tushgan. Kelajakka umidsizlik bilan qaraydi, bu hol muammoga diplomatik yechim topishni qiyinlashtirmoqda," deydi mutaxassis.

Falastinlik huquq himoyachisi Ma’mun Attili AQSh davlat kotibi yil boshidan buyon mintaqaga sakkiz marotaba safar qilganini aytib, shu bilan birga Isroilning falastinliklarga nisbatan qo’ygan cheklovlari kuchayganini ta’kidlaydi.

"G’arbiy Sohil bo’ylab 500 dan ziyod nazorat punktlari o’rnatilgan. Agar Isroil niyatining xolisligini ko’rsatmasa, nazorat punktlari, mahbuslar, odamlarning harakatlanish erkinligi, inson huquqlari bilan bog’liq masalalar hal etilmasa, vaziyat yanada yomonlashadi."

Isroil fikricha, nazorat punktlarida ahvol Mahmud Abbosga qarashli xavfsizlik kuchlari jangarilarni jilovlay olishi bilanoq yaxshilanadi.

Vashingtondagi Brukingz siyosiy tahlil instituti xodimi Filip Gordonning fikricha, Bush ma’muriyati Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bilan jiddiy shug’ullanmoqda va Annapolisdagi anjumanda, hech bo’lmaganda, kelajakda jiddiy muzokaralarni davom ettirishga asos solinishi mumkin.

"Hech kim anjuman tugashi bilanoq tinchlikka erishiladi, deb o’ylayotgan bo’lmasa kerak. Biroq buning uchun zamin yaratilmoqda," deydi Gordon.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Kondoliza Rays bilan uchrashuvdan so’ng Isroil bilan tinchlikka erishish uchun qulay imkoniyat bor deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG