Yevropa Ittifoqi nazarida Turkiya a'zolikka tayyor emas


Yevropa Ittifoqi unga qo’shilish istagidagi yetti davlatga baho bermoqda. Bular – Albaniya, Xorvatiya, Makedoniya, Bosniya, Montenegro, ya’ni Chernogoriya, Serbia va Turkiya. 27 a’zoli ittifoq nazarida Xorvatiyadan tashqari hech bir davlat hozircha a’zo bo’lishga munosib emas.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lish uchun Kopengagen kriteriyalari deb nomlangan qator siyosiy-iqtisodiy shartlarni bajarish kerak. Jumladan dunyoviy demokratik hukumat, qonun ustivorligi va fuqaro erkinliklari ta’minlanishi zarur.

"Bu talablarni bajarishga kelganda, Xorvatiya boshqalarga o’rnak bo'la oladi",- deydi Yevropa Ittifoqini kengaytirish bo’yicha vakil Olli Ren.

Ittifoqning ijroiya organi - Yevropa Komissiyasi fikriga ko’ra a’zo bo’lishni xohlayotgan davlatlardan biri Turkiya siyosiy islohotlarni jadallashtirishi lozim. Komissiya bayonotida so’z erkinligini to’liq ta’minlash, harbiylar ustidan fuqaro nazoratini oshirish hamda diniy guruhlar huquqini yaxshilash zaruriyati tilga olingan.

Yevropa Ittifoqi xususan Turkiya Jinoyat Kodeksining 301-bandini o’zgartirishga chaqirmoqda. Unga muvofiq, hukumatni yoki turklarni yomonlash va so’kish – bu jinoyat. Masalan, yozuvchi Orhan Pamuk usmoniylar davrida turklar armanlarni qirgani deya izohlagani uchun aynan shu band asosida ayblangan.

Yevropa Ittifoqi vakili Olli Renning aytishicha, fuqarolarni fikr bildirgani uchun ta’qib qilish demokratik jamiyatlarga to’g’ri kelmaydi.

Bu bayonot ketidan Turkiya Adliya vazirligi qonunga o’zgartirishlar yaqin kunlarda parlamentda ovozga qo’yilishi haqida ma’lum qilgan.

Turkiyadan, shuningdek, Kipr bilan munosabatlarni yaxshilash va aeroport va dengiz portlarini Kiprga ochish talab qilinmoqda. Kipr orolida ikki davlat bor, biri grek boshqaruvida bo’lsa, ikkinchisi esa turk nazorati ostida. Orolning grek qismi bugun Yevropa Ittifoqi a’zosi. Kiprni birlashtirish yuzasidan uzoq yillik muzokara samara bermay kelmoqda.

XS
SM
MD
LG