Shanxay-6 huquq-tartibot xodimlariga ko'proq vakolat bermoqchi


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlar - Rossiya, Tojikiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Xitoy va O`zbekiston bosh prokurorlari Toshkentda uchrashib, xalqaro terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurash masalalarini muhokama qilgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, bu davlatlar huquq-tartibot organlari ekstremizm tahdidi bilan kurashda hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Shuningdek, axborot almashinuvini muvofiqlashtirish ko'rib chiqilgan.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha, prokurorlar bir davlatdan boshqasiga ketayotgan yoki ketmoqchi bo`lgan, rejimga bo'ysunmagan yoki diniy e'tiqodi uchun ayblangan odamlarni o`sha davlatga tutib berish haqida hamda Xitoyda uyg`ur muxtoriyatidagi vaziyat haqida gaplashgan.

O'tgan bir necha oy ichida, deydi Ikromov, O`zbekiston prokuraturasi tomonidan diniy ekstremizmda gumon qilingan 70 ga yaqin kishi Shanxay tashkilotiga a`zo davlat organlarining ko`magi bilan O`zbekistonga qaytarilgan.

“Bular faqat huquq himoyachilariga ma`lum bo`lgan va isbotini topgan hollar, yashirin qolayotganlari qancha. Agar rostdan ham terrorchi bo`lsa, bu haqda ochiq-oshkora sud o`tkazilib aybi isbot qilinsa, boshqa gap. Lekin terrorizm va ekstremizmda ayblanib, yuzlab begunoh odamlarning qamoqqa tashlanishiga qarshiman. O`zbekistonda esa aynan shunday bo`lyapti”, - deydi huquq himoyachisi.

O`tgan yili Kanada fuqarosi bo`lgan uyg`ur faollaridan biri Husayn Jalil O`zbekistonda ushlanib Xitoyga topshirilgan edi. Ayni paytda Jalil uzoq muddatli qamoq jazosini o'tamoqda.

Xalqaro huquq andozalariga muvofiq, jinoyatda gumon qilintgan kishi o`lim jazosi yoki qiynoqlarni qo`llaydigan davlatga chiqarilishi mumkin emas.

Huquq himoyachilarining aytishisha O`zbekistonda qiynoqlar doimiy ravishda qo`llanishiga qaramasdan, diniy e`tiqodi uchun tazyiqqa olingan kishilar xalqaro qonunlarga zid ravishda O`zbekistonga qaytarilmoqda.

XS
SM
MD
LG