Breaking News

Vashington Eron tashqi siyosatidan tobora xavotirda


Eron tashqi siyosati AQShni uzoq yillardan beri tashvishlantirib keladi.

Xususan, deydi Vashington rasmiylari, Eronning Iroq va Afg’onistondagi xufyona amaliyotlari, Xamas va Hizbulloh kabi terrorchi tashkilotlarni qo’llab-quvvatlashi va uning mavhum yadro dasturi.

Eron geo-strategik joylashuvi bois o’zini xalqaro maydondagi muhim o’yinchi deb biladi.

AQSh Eronni terrorizmni moliyalovchi davlat deb hisoblaydi. Unga qarshi savdo va eksport sanksiyalari qo’ygan.

Mahmud Ahmadinejod rahbariyati yadro dasturni to’xtatishdan bosh tortar ekan, BMT Xavfsizlik Kengashida Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirish taklifi muhokamada.

Eron mintaqada harbiy jihatdan kuchli davlatlardan. "Xamas va Hizbulloh yordamida hamda Iroqda jangari guruhlar bilan aloqaga kirib, nufuzini yanada oshirish payida",- deydi siyosatdon Stiv Yetiv.

AQSh harbiylari ham Eronni Iroqdagi jangarilarga ko’maklashayotganlikda va Tolibonga qurol yetkazayotganlikda ayblaydi.

Ba’zi tahlilchilar nazarida Eron rahbarlari asosan mamlakat mudofaasi bilan band.

"AQSh Eronni yovuz davlatlardan biri deb belgilagan, demak xulosa shuki Eron nishonga olinishi mumkin",- deydi tahlilchi Abbos Omonat.

AQSh qo’shini bugun Eron atrofidagi Iroq, Afg’oniston, Fors Ko'rfazi, Saudiya Arabistoni va Ozarbayjon kabi davlatlarda joylashgan.

Yaqinda Tehronga safar qilgan siyosatdon Selig Garrison fikricha Eron o’zini qurshovda his qilmoqda.

"Munosabatlarni ijobiy tomonga burishning bir yo’li Iroq va Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlashda ko’maklashish. Bu ikki mamlakatdagi notinchlik Eron xavfsizligi uchun ham tahdid"-, deydi Garrison.

Ba’zilar esa keskinlikni yumshatish uchun AQSh va Eron yuzma-yuz muzokara qilishi kerak degan fikrda. Ammo tahlilchi Stiv Yetiv nazarida ikki davlat o’rtasidagi strategik tafovutlar sabab buning iloji yo’q.

"Eron rahbarlariga tinchlik, xotirjamlik, xavfsizlik kafolatlari kerak. Ular mintaqada va xalqaro sahnada hurmatga tashna".

Garrison fikricha ham Eron boshqa davlatlar kabi yadro dasturini yuritib, Yaqin Sharqda nufuzga ega bo’lishni xohlaydi.

"Shundagina, rasmiy Tehron tashqi siyosatida hovuridan tushishi mumkin. Lekin gap shundaki, AQSh bu shartlarning hech biriga ko’nmoqchi emas".

Tahlilchilar ta'biricha AQSh va Eron o’rtasida harbiy mojaro chiqishi ehtimoldan yiroq. Ammo, deydi ular, diplomatik bosim va iqtisodiy sanksiyalar Eron yadro dasturini susaytirishi va keyinchalik yangi hukumat kelishiga yo’l ochishi mumkin.

XS
SM
MD
LG