Gruziya muxolifati saylovlarga yagona nomzod tanlagan


Gruziyada 5 yanvarda prezident saylovlari o’tkaziladi. Mixail Saakashvilini hokimiyatdan demokratik yo’l bilan ag’darish maqsadida muxolifat yagona nomzodga kelishgan. AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan hisoblangan Gruziyadagi siyosiy vaziyat Amerika matbuotida keng yoritilmoqda.

“Nyu-York Tayms”ga ko’ra, 43 yoshli Levan Gachechiladze Gruziya muxolifatidan prezidentlikka yagona nomzod etib tanlangan. Gachechiladze “Yangi o’nglar” partiyasidan parlament deputati va vino kompaniyasi asoschisi. Nomzodni ko’rsatgan 10 muxolif partiyadan tuzilgan koalitsiya saylovlarda g’alaba qozongan taqdirda parlamentni kuchaytirib, prezident vakolatlarini kamaytirmoqchi.

Muxolif koalitsiya saylov kampaniyasini zudlik bilan boshlashini aytgan, biroq Saakashvili tomonidan joriy etilgan favqulodda holat siyosiy namoyishlar o’tkazishni cheklab, mustaqil matbuot ishini to’xtatgan. Rasmiylar favqulodda holat shu hafta tugashi mumkinligi haqida gapirmoqda.

“Vashington Post” gazetasi Gruziyadagi ahvolni Pokistonga qiyoslar ekan, Gruziya Qo’shma Shtatlar manfaatlariga Pokistonchalik javob bermaydi va shu sabab Saakashvilining namoyishlarni bostirishiga va favqulodda holatni haligacha bekor qilmaganiga keskin javob berish kerak, deb yozadi.

Gazeta fikricha, Bush ma’muriyati shunday javob tariqasida Gruziyaga barcha yordamni va Saakashvilining kelasi oyga rejalangan Oq uyga tashrifini bekor qilishi kerak.

Gruziya hukumati Qo’shma Shtatlar maslahatchilaridan foydalanadi, armiyasi AQSh tomonidan moliyalanib, tayyorgarlikdan o’tgan, hukumat har yili bir necha million dollar yordam olib turadi. 2005 yilda Bush Tbilisiga safar qilgan. Qo’shma Shtatlar Gruziyaga kelajakda NATOga a’zo bo’lishi uchun yordam bermoqda. “Vashington Post” nazarida Gruziya bularning barchasidan demokratik yo’lga qaytmagan taqdirda ayrilishi kerak.

Gazetada, shuningdek, Gruziyada prezident saylovlaridan oldin mas’uliyatli muxolifatga yordam berish tavsiya qilinadi. Chet elga chiqib ketgan siyosiy rahbarlarga mamlakatga qaytishga ijozat berilishi va ularga nisbatan jinoiy ishlar to’xtatilishi lozim, deb yozadi “Vashington Post”.

“Vashington Tayms” gazetasi Gruziyada prezidentlikka yana bir nomzod, Saakashviliga qarshi, biroq muxolifatdan yiroq tadbirkor Badri Patarkatsishvili haqida yozadi. Rossiyada 52 yoshli milliarderni hibsga olishga order berilgan. U tovlamachilikda ayblanmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, saylovlardan oldin prezidentlikka qancha ko’p nomzod bo’lsa, Saakashvilining g’alaba qozonishi shuncha oson bo’ladi.

Patarkatsishvilining aytishicha, prezident Saakashvili xalq oldida obro’sini yo’qotgan. Ayrim kuzatuvchilar nazarida Patarkatsishvili hukumatga xavf tug’dirishi mumkin. Ayniqsa gruziyalik tadbirkorning 1990 yillarda Rossiyada katta siyosiy ta’sirga ega bo’lgan va Rossiya adliyasi tomonidan qidiruvga berilgan Boris Berezovskiy bilan do’stona aloqalari tufayli. Shunga qaramay asosan pravoslav nasroniylar yashaydigan Gruziyada Patarkatsishvili kabi yahudiy nomzodning prezident bo’la olishiga ko’pchilik ishonmaydi.

XS
SM
MD
LG