Pokistonda tanglik; AQSh Afg'onistonga muqobil yo'l izlamoqda


Bugun Pokistonda amaldagi parlament o’z muddatini tugatgan. Prezident Parvez Musharraf vaqtinchalik hukumat tarkibini e’lon qilish arafasida. Muvaqqat hukumat saylovoldi jarayon uchun javob beradi.

Bush ma’muriyati esa rasmiy Islomobodni favqulodda holatni bekor qilib, erkin saylovlar o’tkazishga chorlamoqda.

Pokistondagi notinchlikda tashvishga tushgan Pentagon rasmiylari esa Afg’onistondagi AQSh qo’shini uchun harbiy yordam yetkazishning muqobil yo’llarini izlamoqda. Pokistondagi ta’minot yo’llari avvalgidek bexatar emas.

AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jeff Morrelning aytishicha, Afg’onistondagi AQSh qo’shiniga mo’ljallangan yordamning 75 foizi Pokiston orqali o’tadi. Hozir Afg’onistonda Amerikaning 25 ming askari bor.

Qo’shma Shtatlar terrorga qarshi kurashda Pokistonni yaqin hamkor deb biladi. 2001 yildan beri AQSh Musharraf hukumatiga 11 milliard dollar miqdorida yordam ko’rsatgan.

Pokiston yadro quroliga ega davlat. AQSh rasmiy Islomoboddan bu qurollar xavfsizligini kuchaytirishni so’ramoqda.

Oq Uy matbuot kotibi Dana Perino fikricha, Pokiston xalqi emin-erkin harakat qilishga, saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlari o’tkazishga va namoyish o’tkazishga haqli.

“Shu bilan birga biz Pokiston bilan aloqalarni mustahkamlashni istaymiz. Biror davlat xato qilsa, darhol orqa o’girib ketish yaramaydi”, - deydi Oq Uy so’zlovchisi.

Muxolif partiyalar esa Musharrafga qarshi yagona front tuzish taraddudida. Prezidentga qarshi bugun Karachida o’tgan namoyishlar paytida ikki go’dak o’lgan.

Mamlakatdagi tanazzul boshqa davlatlarda ham aks-sado bermoqda. Masalan, kecha Vashingtonda yuzlab advokat va yuristlar namoyishga chiqqan.

Ular Pokiston hukumatiga qarshi bosh ko’targan huquq himoyachilarining jasorati va shijoatini olqishlamoqda.

XS
SM
MD
LG