Breaking News

Putin NATOni sharq tomon kengaymaslik haqida ogohlantirmoqda


Bugun Vladimir Putin mudofaa vazirligida yig’ilish o’tkazar ekan, NATOni o’zaro bitimlarga xilof ish qilayotganlikda aybladi. Rossiya prezidenti nazarida NATOga a'zo ayrim davlatlar Rossiya chegarasiga yaqin joyda harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda.

"Rasmiy Moskva bunga tinch qarab turolmaydi va Rossiya strategik yadro kuchlarining har qanday agressiyaga nisbatan jangovar tayyorgarligini oshirishi kerak," deydi Putin.

Taniqli shved olimi, Rossiya bo’yicha mutaxassis Anders Aslundning aytishicha, Vladimir Putin Rossiyani avtoritar tuzumga qaytarmoqda. Olim fikricha, Boris Yeltsin davrida poydevori qo’yilgan demokratiyadan Putin davrida chekinish bo’lyapti. 2002 yildan boshlab Putin Rossiyani avtoritarizmga yetaklamoqda.

Shvetsiyalik mutaxassis Putin va uning atrofidagilar Rossiyadagi yonilg’i kompaniyalarga tegishli aksiyalarni noqonuniy yo’l bilan qo’lga kiritib boyimoqda deydi.
Olim yaqinda “Rossiyaning kapitalistik inqilobi” deb nomlangan kitob chiqargan. Unda Anders Putin prezidentlik muddati tugagach ham hokimiyatni boy bermaydi deydi.

"Tuzum ko’pga chidamaydi, deb o’ylayman va tez orada unda korrupsiya kuchliligi bois parchlanadi," deydi u. "Biroq u iqtisodiy emas, balki siyosiy jihatdan parchalanadi."

Garvard universiteti professori Richard Payps fikricha Rossiyada demokratiya barpo etish oson emas.

"Rossiyada sof kapitalizm hukm surganda ham u yerda demokratiyani ko’rish amri mahol, chunki ruslar o’ziga ishonmagan xalq," deydi professor.

Rossiyaga uch haftalik tashrifidan qaytgan Paypsning aytishicha, prezident Putin va uning siyosati keng omma tomonidan olqishlanadi. Rossiya azaldan kuchli hukmdorga tayanib kelgan.

"Erkinlik Rossiyada tartibsizlik bilan bir xil tushuniladi," deydi professor.

XS
SM
MD
LG