Turkiya Markaziy Osiyoda avvalgi mavqeini tiklamoqchi


Turkiyaning yangi prezidenti Abdulla Gul Markaziy Osiyodagi qardosh xalqlarga e'tiborni oshiramiz, aloqalarni mustahkamlaymiz deydi. Lekin siyosiy tahlilchilar fikricha, Turkiya uchun mintaqada bir vaqtlar kuchli bo'lgan siyosiy mavqeini tiklash oson kechmaydi.

Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Turkiya birinchilardan Markaziy Osiyo davlatlarini tan olgan va bir necha yil ichida mintaqada siyosiy va iqtisodiy mavqeini kuchaytirgan.

Turgut O’zal va Sulaymon Demirel davrida turkiylikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan. “Qarovsiz” qolgan respublikalar Turkiya yordamiga muhtoj edi. Biroq ma’lum muddat o’tgach, Turkiyaning mintaqadagi faolligi susayib, butun diqqat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga qaratilgan.

Iroqdagi urush Turkiya tashqi siyosatiga o’zgarishlar kiritdi. Markaziy Osiyo davlatlari ham asta-sekin oyoqqa turib olgach, mustaqil siyosat yurita boshlagan.

Turkiya sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulla Gul prezident etib saylangach, Markaziy Osiyo va Kavkaz yana Turkiya tashqi siyosati diqqat markaziga tushmoqda, deydi Vashingtondagi Gudzon Instituti tahlilchisi Zeyno Baran.

Dekabr oyida Abdulla Gul Markaziy Osiyoga, jumladan O’zbekistonga safar qiladi. Uning tashrifidan so’ng Turkiya-O’zbekiston aloqalari qanchalik o’zgarishi noaniq.

“Turkiya hukumatining islomiy qarashlari rasmiy Toshkentni asabiylashtirmoqda. Turkiya ham O’zbekiston hukumatining ayrim harakatlarini musulmonlarga qarshi qaratilgan deya ko’rmoqda. Turkiyaning ko’proq G’arb davlati ekanini va O’zbekistonning ayni damda G’arb va AQSh bilan muammoli aloqalarini hisobdan chiqarmaslik kerak”, - deydi shvetsiyalik mutaxassis, Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti olimi Svante Kornell.

Turkiya-O’zbekiston aloqalari murakkabligicha qolmoqda. Turkiya yaqinda O’zbekiston bilan viza tizimini bekor qilgan. Biroq O’zbekiston javob qadamini qo’yishga shoshmayapti.

Turkiya O’zbekiston va butun Markaziy Osiyoga ko’proq sarmoya olib kirmoqchi. Biroq Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan rasmiy Toshkent turk biznesiga quchoq ochishga tayyor emas. Rossiya Turkiyaning iqtisodiy va energetik raqibi.

17-19 noyabr kunlari Bakuda o’tgan Turkiy davlatlar va jamiyatlar qurultoyiga Turkiya jiddiy e’tibor qaratib, Bosh vazir Erdo’g’anni yuborgan bo’lsa, O’zbekiston matbuotida mingdan ortiq delegat qatnashgan bu muhim tadbir chetlab o’tilgan.

“O’zbekistonsiz Turkiya Markaziy Osiyoni ijobiy ma’noda ishg’ol qila olmaydi. Chunki O’zbekiston mintaqadagi muhim davlat. Turkiya hukumati oldidagi vazifa – O’zbekiston bilan aloqa qilish yo’llarini topish. Yevropa va Qo’shma Shtatlar uchun bu hozircha muammo bo’lib turibdi”, - deydi Zeyno Baran.

Ayni damda Turkiya qator energetik loyihalarda ishtirok etmoqda va kelajakda Yevropaning yonilg’i tranzit markaziga aylanishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lsa, Markaziy Osiyo davlatlarining Turkiyaga tortishish kuchi yangilanadi.

XS
SM
MD
LG