Breaking News

AQSh tashqi siyosatini qayta ko'rib chiqishi kerak


AQSh admirali Maykl Mullen fikricha Iroq va Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash bilan dunyo barqarorligi ta’minlanmaydi.

Amerika hukumati boshqa davlatlar bilan ham tashqi siyosatini qayta ko’rib chiqishi kerak, deydi u.

“AQSh boshqa mamlakatlar bilan, no-hukumat tashkilotlar bilan ishlashi, burnidan narini ham ko’rishi kerak,” - deydi Maykl Mullen.

Iroq va Afg’oniston hammaning diqqat markazida, lekin manzarani kengroq olish zarur. Ba’zilar Yaqin Sharq deganda shu ikki davlatdan nariga o’tmaydi, dunyo deganda esa Yaqin Sharq mavzusi bilan cheklanadi, deydi AQSh qo’mondoni.

Bosh vazifa, deydi u, Yaqin Sharqni barqarorlashtirish, lekin Eronga alohida diqqat qaratish lozim. Eronning provokatsion siyosati, uran boyitishni davom ettirayotgani, Iroqdagi jangarilarga yordam berayotgani tashvishga molik masalalar.

Admiral Mullen ham prezident Bush kabi Eronni bu yo’ldan qaytarish uchun oxirgi chora harbiy kuchni ishga solish deydi. Ammo undan oldin rasmiy Tehronga qarshi mavjud sanksiyalar ta’sirini oshirish lozim.

AQSh Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan ham ko’zini uzmay keladi. Xitoyning yil boshida fazoviy raketani sinovdan o’tkazgani, harbiy jihatdan kuchayib borayotgani doimiy muhokama ostida.

Xitoy harbiy xarajatlarini oshirayotgani, harbiy sohaga katta sarmoya kiritayotganidan maqsad nima, deb so’raydi AQSh qo’mondoni.

Rasmiy Pekinning bildirishicha esa Xitoy hech kimga dushman emas, raketa sinovlari mudofaa yo’lida kerak xolos. Hozirda AQSh va Xitoy muhokama qilayotgan asosiy mavzu qanday qilib ikki mamlakat harbiylari o’rtasida ishonchni oshirishdir.

XS
SM
MD
LG