G'alla va paxtaga boy O'zbekistonda aholi un va moyga zor


Bu yil O’zbekistonda davlatga g’alla va paxta topshirish rejalari ortig’i bilan bajarilgani rasman e’tirof etildi.

Biroq g’alla mustaqilligiga erishgan, bu yil 6 million tonnadan ko’p g’alla yetishtirgan O’zbekistonda un va un mahsulotlari qimmatlashib, kamayib borayapti.

3 million tonnadan ko’proq paxta yetishtirgan respublikada oddiy paxta yog’i yetishmaydi.

Do’konlarda juda kam miqdorda chiqarilayotgan paxta yog’i esa mahhallalarda soliq idoralari, militsiya vakillari ishtirokida uzundan-uzoq navbatlarda, ur-yiqit, to’polonlar bilan tarqatilmoqda.

Qishloq xo’jaligida yerlarning asosiy qismi fermerlarga 50 yil muddatgacha ijaraga berilayotganiga qaramasdan, ayrim mutaxassislar hosildorlik emas, qo’shib-yozish kuchayib borayotgani tufayli ham qishloq xo’jalik mahsulotlari kamayib, narxlar oshib borayotganini aytmoqda.

“O’zbekistonda qishloq xo’jalik yerlari xususiylashtirilib, dehqonlarga berilmagani sababli haqiqiy bozor iqtisodiyotiga zid bir vaziyat vujudga kelganiga ko’p yillar bo’ldi. O’zbekistonda bir asosiy o’zgarishni, ya’ni yerni dehqonlarga xususiylashtirib berish masalasini hal qilmog’imiz kerak. Toki dehqon o’zi yetishtirgan paxta va bug’doyni o’zi valyutaga erkin sota olsin. Davlatga esa faqat va faqat yer solig’ini to’lashi kerak”. Toshkentlik Shuhrat Ahmadjonov mulohazalari edi.

Ba’zi fuqarolar o’zbek dehqonlari hukumat e’tiboriga ehtiyoj sezmoqda degan fikrda.

Mamlakat aholisining asosiy qismi qishloq xo’jaligi bilan band. Ammo bu sohadagi islohotlar bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos emas deydi o’zini Abduvosit deb tanishtirgan kishi.

“O’zbekistonda 70 foiz byudjetimizni asosan qishloq xo’jaligi mahsulotlari ta’minlaydi. Xususan, paxtaning ketidan bizning byudjetimiz to’lib boradi. Lekin hozirgi kunda albatta davlat tomonidan har xil reformalar olib borilayapti. Mana, qator qonunlar qabul qilindi. Xususan, yer borasida har xil qonunlar qabul qilingan, fermer xo’jaliklari haqida ham. Ammo yer hali ham davlatga tegishli. Fermer xo’jaliklarida odamlarda, “Haqiqatan, shu yer meniki” degan his-tuyg’u haliyam yo’q", - deydi u.

"Men o’zim Toshkent oblastida turganim uchun bilaman. Davlat yer berib qo’yadi-da, mana shuncha narsani menga yetishtirib berasan, mana bu narxda menga sotasan, deb narx qo’yadi. U davlatning buyurganini yetishtiradi. Shuning uchun “Ishlaganimga yarasha mahsulot sotsam-da, foydani o’zim olaman” degan narsa yo’q. Baribir, qanchadir qismini davlatga berish kerak. O’z-o’zidan ishga bo’lgan ishtiyoqi so’nib boradi”.

Tuproq unumdorligini tiklash, almashlab ekishni joriy etish, chorvachilikni rivojlantirish - qishloq xo’jaligida yechimini kutayotgan dolzarb muammolardan. Biroq ayni paytda bu sohaga e’tibor yetarli emas, deb hisoblaydi professor Qurbon Roziqov.

“Qishloq xo’jaligida islohotlarni qay yo’sinda olib borishni tavsiya etib, ko’plab maqolalarimni mutasaddi idoralar hamma tashkilot mutaxassislari rahbarlariga topshirganman. Ularning qabullarida bo’lganman. Vazirlar bilan ham. Suhbatlashgan rahbarlar bir og’izdan aytayapti: Qurbon aka, gapingiz to’g’ri. Paxtachilikni rivojlantirishda tuproq unumdorligini qayta tiklamasdan boshqa yo’l yo’q. Almashlab ekishni joriy qilmaslik mumkinmas. Paxtachilikni chorvachilik bilan uzviy bog’lab, rivojlantirish yagona yo’l. Ammo buni amalga oshirish qo’limizdan kelmaydi. Bu narsa faqat prezidentimizga bog’liq. Shular hal qilsa hal bo’ladi, bo’lmasa hal bo’lmaydi. Xalq xo’jaligi islohotlari faqat bitta odam – prezidentimizning tashabbusi bilan amalga oshirilayapti. Axir, bir odam hamma sohani ikir-chikirigacha bila olmaydi-ku. Ana shuning uchun islohotlar qo’pol, og’ir xatolar bilan amalga oshirilmoqda”, - deydi olim Qurbon Roziqov.

O’zbekistondagi ayrim mutaxassislar respublika qishloq xo’jaligidagi islohotlarning qonuniy asosi yaratilgan va bu islohotlar samarasi qishloq xo’jaligining barcha tarmoqlarida ko’zga tashlanayapti deya ta’kidlaydi.

“Mana, fermerlik harakati qiyinchilik bilan bo’lsa-da rivojlanayapti. Umuman, O’zbekistonda qishloq xo’jaligini isloh qilish yo’lida juda katta izlanish ketayapti. Albatta, izlanishlar birdaniga o’z samarasini berib qolishi qiyin, lekin eng muhimi, olingan yo’l to’g’ri".

Uning aytishicha, buni birgina misolda aytish mumkin:

"90 foizdan ziyod mahsulot nodavlat sektorida ishlab chiqarilayapti. Ya’ni yer, qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish dehqonning ixtiyorida. Yerni yashnatish imkoniyatiga ega bo’lgan dehqon yerni olishi va unda mehnat qilishi uchun qonuniy va yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Albatta, aholining juda katta qismi qishloq xo’jaligida band ekanini nazarda tutib, juda uzoq muddatga ijaraga berish usuli qo’llanilayapti va bu usul o’zining samarasini berayapti. Shuning uchun yer ozining egasiga yetarli darajada berilmayapti, degan fikrga qo’shilib bo’lmaydi”, - deydi ismini oshkor etishni istamagan qishloq xo’jaligi mutaxassisi.

O’zbekiston qishloq xo’jaligidagi haqiqiy vaziyat xususida ayrim o’zbekistonliklar fikrlari mana bunday:

“Qanaqa islohot bo’layapti ekan? O’lib-tirilib, ishlab, biz hech gapni bilmaymiz. Hech qanaqa o’zgarishlar sezilmaydi. Yildan-yilga battar bo’lyapti. Meva-cheva qimmat, bozorlar qimmat, qani qishloq xo’jaligi? Hamma narsa tekin edi-ku bozorlarda! Imenna, aholiga ta’siri bo’ladi qishloq xo’jaligini-da! Oldin kolxoz-sovxozlar bo’lardi, traktor parklari bo’lardi, mol saqlaydigan qo’tanlar bo’lardi. Sut-qatiqlar tekin turardi. Boshqa davlatlarga qaraganda, bizning qishloq xo’jaligi umuman keyinda qolgan, hech taraqqiyot yo’q. Yildan-yil battar bo’lyapti, yaxshi bo’lgani yo’q”.

“Qishloq xo’jaligida hozir qiyin. Gapirishadi-yu qishloq xo’jaligi u-bu deb, lekin o’zlari borib tekshirmaydi. Mundoq, borib ko’rib, qanaqa sharoit, hammasini surishtirib, keyin gapirsa yarashadi-da. Qishloq joylarida islohot umuman yo’q. Bizning o’zimiz qishloqda tug’ilganmiz, juda og’ir. Tirikchilik dehqonchilikda. Hozir, mana, meva-cheva, u-bu narsalar qishloq tomondan kelyapti. Mana shu Toshkentda yashab turib ham qishloqdagi ahvolni bilsa bo’ladi, hamma yo’qda qimmatchilik, borgan sari oshib ketayapti hamma narsalar”.

XS
SM
MD
LG