Breaking News

Siyosatda ayol rahbarlar ko'paymoqda


Yaqin-yaqingacha dunyoda ayol prezidentlar barmoq bilan sanarli edi. Biroq so’nggi 2-3 yil ichida xalqaro siyosiy maydonda ayollar ko’paygan.

Bir oy oldin Argentina xalqi o’ziga yangi rahbar sayladi. Kristina Fernandez de Kirshner prezident ayollar davrasining yangi a’zosi.

Kristina Kirshner Lotin Amerikasidagi yolg’iz ayol rahbar emas. O’tgan yili qo’shni Chilida prezident saylovlarida Mishel Bachelet g’olib chiqqan. Braziliya va Paragvayda kutilayotgan saylovlarda ham xotin-qizlar hokimiyat uchun kurashish taraddudida.

AQShdagi Ayol va Siyosat Instituti xodimi Sara Bryuerning aytishicha, 1960-70 yillarda jahon bo’ylab xotin-qizlar harakati avj olgan va bu sa’y-harakatlarning mevasi bugun ko’rilmoqda.

Elen Jonson Serlif 2006 yilda Liberiyaning ilk ayol prezidenti etib saylangan.

Garvard universiteti bitiruvchisi Elen Serlif bir necha yil davomida Liberiya hukumatida ishlagan, amaldagi prezident siyosatini tanqid qilgani uchun 1985 yilda vatanidan badarg’a qilingan.

Osiyoda ham xotin-qizlar hokimiyatni boshqara olishini isbotlamoqda. Filippinda - prezident Gloria Aroyyo, Hindistonda - Pratibha Patil. Pokistonda sobiq bosh vazira Benazir Bxutto bugun muxolifatga yetakchilik qilmoqda.

AQShda chop etiladigan Forbs jurnali bu yil dunyoning eng qudratli ayollari ro’yxatini tuzib, unda birinchi o’rinni Germaniya kansleri Angela Merkel egallagan.

1871 yilda Germaniya davlat sifatida tarkib topganidan beri ilk bor uni ayol kishi boshqarmoqda, deydi jurnal muharriri Elizabet Makdonald. Merkelning salobati va obro’si ko’tarilmoqda.

Ayol siyosatchilarni ko’pincha juda qattiqqo’l deya ta’riflashadi. Isroil sobiq bosh vazirasi Golda Meir, Britaniya hukumatining sobiq rahbari Margaret Tetcher yorqin misol. Ayol rahbar erkak hamkasblariga qaraganda kuchliroq, qat’iyatliroq hatto shafqatsizroq bo’lishi kerak degan fikrlar mavjud.

AQSh senatori, prezidentlikka nomzod Xillari Klinton o’z chiqishlarida aynan shu xislatlarni namoyish etishga harakat qiladi.

Ko’pchilikni bir savol qiziqtiradi - “Qo’shma Shtatlar ayol kishini prezident qilib saylashga tayyormi?” Ayol va Siyosat Instituti xodimi Sara Bryuer “ha” deb javob beradi:

Ayol kishini erkak raqiblariga qiyoslashni bas qilish lozim. Ayolning rahbarlik qobiliyati, iste’dodi va ustuvor xislatlari bosh omil va mezon sifatida ko’rilishi zarur deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG