Breaking News

AQShda Yaqin Sharq tinchlik anjumani boshlanmoqda


Prezident Bush bugun Oq uyda Isroil va Falastin rahbarlari bilan uchrashadi. Yahud Olmert va Mahmud Abbos Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha Annapolis shahrida bo’ladigan anjumanda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.

Anjuman seshanba kuni Annapolisdagi Harbiy dengiz akademiyasida ish boshlaydi. Unda 40 dan ortiq davlat rasmiylari, jumladan 10 dan ziyod arab davlatlari vakillari qatnashadi. Ular orasida Isroilni tan olmaydigan Saudiya Arabistoni va Suriya ham bor. Isroil so’nggi 10 yildan ortiq vaqt mobaynida ilk bor bunday muzokaralarda ishtirok etmoqda.

Isroil Suriyaning ishtirok etishidan mamnun ekanini, biroq anjumanga faqat tashqi ishlar vaziri o’rinbosari kelayotganidan bir oz ranjiganini bildirgan.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays 2009 yil boshida Jorj Bushning prezidentlik muddati tugamasidan oldin Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik bitimiga erishilish umidida.

Falastin muzokarachisi Soib Erekat bir yil ichida tinchlikka erishish mumkin, chunki har ikki taraf bunga ehtiyoj sezmoqda, deydi.

"Bitimlar odatda ehtiyojni aks etadi. Falastin va Isroil bunday tarixiy imkoniyatni qo’ldan boy bermasligi zarur. Muzokaralar vaqti o’tdi, endi qarorlar qabul qilish kerak," deydi Erekat.

Oq uy xavfsizlik mashalatchisi Stiven Xedlining aytishicha, anjumanda ochiq muloqot bo’ladi, biroq rasmiy muzokaralar olib borilmaydi. "Anjuman kelajakdagi muzokaralar uchun zamin yaratadi," deydi Xedli.

Arab davlatlari 16 yildan beri ilk marotaba Isroil bilan muzokara qiladi. Tomonlar tadbirda tarixiy bir hujjat imzolanishiga umidvor.

Yaqinda Isroil, Falastin, Iordaniya, Suriya va Livanda bo’lib qaytgan bir guruh amerikalik sobiq diplomatlar anjuman oldidan mintaqa aholisi kayfiyatini o’rgangan. Guruh rahbari Robert Kilining aytishicha, ko’pchilik Amerikaning vositachilik roliga ishonmayapti.

"Yaqin Sharqda AQSh diplomatiyasi yetarli kuchga ega emas. Mintaqa aholisi ularga quloq tutishni, fikrlarini Amerika hukumatiga yetkazishni so’radi," deydi Robert Kili.

"Achinarlisi shundaki," deydi sobiq diplomat, "ertangi anjumanning na kun tartibi belgilangan, na Falastin davlatini barpo etish yo’lida biror muhlat qo’yilgan."

Delegatsiya a’zosi, amerikalik jurnalist Daniel Libermanning aytishicha, xususan falastinliklar Isroil qo’yayotgan yangi shartlardan xavotirda.

"Isroil uni nafaqat mamlakat sifatida bilishni, balki “yahudiy davlati” deb tan olishni talab qilmoqda. Shartlar oshib borar ekan, Falastin rahbarlari tinchlik muzokaralari pand berishidan cho’chimoqda."

Jurnalist fikricha Falastin va Isroil o’rtasida chuqur tafovutlar mavjud. Falastinliklar o’z davlatini barpo etish evaziga hech narsa taklif qila olmayapti, Isroil yon berishi uchun esa unga bosim yo’q. "Bu yerda AQSh roli muhim," deydi Liberman.

Tahlilchi Richard Bliss nazarida AQSh, agar xohlasa, har ikki tomonga bosim o’tkazishga qodir.

"Qo’shma Shtatlar adolatli bir yechim taklif qilib, uning amalga oshishi uchun moliyaviy va diplomatik bosim vositalarini ishga solishi kerak. Dunyo deganda Yaqin Sharq mavzusi bilan cheklanmaylik," deydi u.

Sobiq diplomatlar fikricha Isroil-Falastin mojarosiga ijobiy nuqta qo’yish AQShning arab davlatlari, musulmon dunyosi bilan munosabatlarini yaxshilagan bo’lardi.

XS
SM
MD
LG