Islom Karimov saylovoldi dasturini e'lon qildi


O’zbekistonda prezidentlikka nomzodlarning saylov dasturlari e’lon qilingan. Lekin kuzatuvchilar nazarida bu dasturlarda asosan umumiy gaplar bilan cheklanmoqda. Ularga aniqlik yetishmaydi.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko`ra, saylovoldi targ`ibot kampaniyasi uchun o`zbek, rus va qoraqalpoq tilida reklamalar tayyorlangan. Nomzodlarning ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi belgilangan.

O`tgan hafta O`zbekiston televideniyesi prezidentlikka nomzod, amaldagi prezident Islom Karimovning saylov dasturi haqidagi ko`rsatuvni namoyish etdi.

Karimov saylov dasturida 10 yo`nalishni belgilaydi.

Bular bozor-mulk munosabatlari, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, imtiyozlar yaratish, fuqarolik institutlarini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari erkinligi, sud mustaqilligini ta`minlash va hokazo.

“Jamiyatimizni yangilash va isloh qilishning hozirgi bosqichida aholimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning xohish irodasini ifoda etishda, bugun zamonning o`zi talab qiladigan bu muhim vazifalarni bajarishda, fuqarolik-nodavlat institutlarini shakllantirish, fuqarolarning huquqiy erkinliklarini, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta`minlash, siyosiy partiyalarning roli va ahamiyatini kuchaytirish, ularning huqua va vakolatlarini kengaytirish masalalari katta o`rin tutishini hammamiz tushinib, anglab olmoqdamiz”, - deb ta’kidlabdi Islom Karimov televideniye orqali chiqishida.

Ekspert Toshpo’lat Yo`ldoshev fikriga ko`ra, Islom Karimov saylov dasturida umumiy gaplar ko’p, aniq o`zgarishlar haqida gap yo`q.

“Prezidentning saylov platformasida siyosatda tub o`zgarishlar qilishga ishoraning o`zi yo`q”, - deydi u.

Farg`onalik faollardan biri Ma`murjon Qosimov saylov kampaniyasidan afsusda.

Gruziyada muxolifat namoyishlaridan so`ng prezident muddatidan avval saylovlarni belgiladi, o`zi vaqtinchalik iste’foga chiqib, barcha bilan teng ravishda kurasha boshladi deydi u.

“Men sevgan O`zbekistonimda ham sevimli prezidentim hech bo`lmaganda vaqtinchalik o`z vakolatlarini topshirib, boshqalar bilan teng ravishda kurashib, o`z vakolatlarini qaytarib olganda edi, men faxrlanar edim. O’zi prezident bo`lib tursa, saylov natijasi oldindan ayon-ku, degan gaplar ko`paygan”, - deydi Ma`murjon Qosimov.

Ma`murjon Qosimov fikricha president sasturidagi yo’nalishlarga to’liq amal qilinganida edi, hozirgi prezidentni, Oliy Majlisni konstruktiv tanqid qilish mumkin bo’lganda edi, mustaqil matbuot borligiga ishonish mumkin bo`lar edi.

Tahlilchi Toshpo'lat Yo`ldoshev prezidentning o`zi sudyalarni lavozimga tayinlaganidan keyin sud mustaqilligi haqida gap bo`lishi mumkin emas deydi.

“Sudlar faqat Prezident devonidan tushadigan buyruqlarga itoat qilishga majbur”, - deydi u.

Kuzatuvchilarning so’zlariga qaraganda, nomzodlarning saylov dasturlarida deyarli farq yo`q. Hammasida O`zbekiston prezidenti rahbarligidagi yutuqlar qayd etiladi. Saylovchilarga qanday o`zgarishlar taklif qilinayotgani, hozirgi hukumatning qanday xatolarga yo`l qo`ygani haqida hech narsa deyilmaydi.

XS
SM
MD
LG